Markaziy Osiyo geografik joylashuviga ko'ra, azaldan turli sivilizatsiyalar, madaniyatlar va ilmiy maktablar, ma'rifat o'choqlari tutashgan global chorraha bo'lib kelgan. Bugungi kunda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida amalga oshirilayotgan ta'lim va ilm-fan integratsiyasi, akademik harakatchanlik hamda mushtarak tadqiqotlar zamonaviy zarurat emas, balki mintaqaning ming yillik tarixiy-madaniy merosi va boy ilmiy an'analariga asoslangan tabiiy, qonuniyatli jarayondir.
Albatta, azaldan Markaziy Osiyoda bilim va ma'rifat integratsiyasi hech qachon chegaralar, milliy yoki etnik cheklanishlarni bilmagan. Buyuk Ipak yo'li bo'ylab faqat savdogarlarning xilma-xil mollari emas, balki ilg'or g'oyalar, ilmiy kashfiyotlar va ta'lim uslublari ham jadal almashinilgan. Fikrimizni bu zaminda ilk ta'lim va bilim integratsiyasi kurtaklari bo'lmish «Avesto»ning “ezgu fikr, ezgu so'z, ezgu amal” ta'limoti, So'g'd va Baqtriya madaniyati yorqin dalillaydi.
Mintaqada kechgan tarixiy voqelik — Sharq Uyg'onish davri Markaziy Osiyoni til, ma'naviyat va siyosiy mushtaraklik asosida dunyo ilm-fani va ta'lim tizimining markaziga aylantirdi.
Ayniqsa, Chor istilosi va keyingi murakkab geosiyosiy sharoitlarda Markaziy Osiyo yetishtirgan ma'rifatparvarlar — jadidlar ta'limni modernizatsiya qilish va mintaqaviy mushtaraklikni tiklash tashabbusi bilan chiqdilar. Ularning ilmparvar xotiralari va g'oyalari hamon mintaqa xalqlari yuragida abadiy yashamoqda.
Bu yorqin va boqiy xotiralar shuni ko'rsatadiki, Markaziy Osiyoda ta'lim integratsiyasi chuqur genetik va madaniy ildizlarga ega. Qayd etish kerakki, bugungi kunda SHHT doirasida amalga oshirilayotgan va oliy ta'lim tizimida aks etayotgan jarayonlar ushbu tarixiy an'analarning mantiqiy va zamonaviy davomidir.
Davlatimiz rahbari Osiyo va Ozarbayjon davlatlari rahbarlarining uchrashuvida ta'kidlab o'tganlaridek, ilgari tarqoq bo'lgan Markaziy Osiyo bugungi kunda taraqqiyotning umumiy maqsadlari yo'lida jipslashmoqda. Murakkab va oldindan bashorat qilib bo'lmaydigan bugungi xalqaro voqelik bizdan yangicha qat'iyat, mustahkam iroda va yanada yaqin muvofiqlashtiruvni talab etmoqda.
Bu fonda Ozarbayjonning Maslahat uchrashuvlari formatiga qo'shilishi o'zaro hamkorligimizni sifat jihatidan yangi — makromintaqaviy darajaga olib chiqmoqda hamda Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz va Afg'onistonni birlashtiruvchi yagona taraqqiyot va rivojlanish makonini shakllantirish borasida tarixiy imkoniyat yaratmoqda.
Endilikda mintaqadagi zamonaviy akademik ochiqlik va ta'lim islohotlari Markaziy Osiyoni yana bir bor global ilm-fan va intellektual rivojlanish markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qilmoqda. Zamonaviy dunyoda geosiyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarning shiddatli o'zgarishi global maydonda fan, ta'lim va intellektual resursning o'rnini tubdan yangilamoqda. Bugun SHHT - siyosiy va iqtisodiy muloqotning muhim maydoni sifatida mamlakatlarimizning barqaror taraqqiyoti, texnologik mustaqilligi va innovatsion yuksalishini ta'minlaydigan ilmiy-texnologik hamkorlikning asosiy makoni bo'la oldi.
Shu nuqtai nazardan, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ta'lim va innovatsiya — inson kapitalini rivojlantirish va tinchlik-barqarorlikni ta'minlashning yetakchi harakatlantiruvchi kuchi sifatida namoyon bo'lmoqda. Oliy ta'lim va ilm-fan sohasidagi ko'p tomonlama hamkorlik mintaqalararo aloqalarni mustahkamlashda yangi bosqich sifatida e'tirof etilmoqda.
“Bizning umumiy kuchimiz — birlik, o'zaro ishonch va birlikdagi yaratuvchanlikka qat'iy sadoqatimizdadir”. Mintaqaning ushbu shiori mohiyatidan kelib chiqib, quyidagi strategik vazifalarni amalga oshirish taqozo etiladi:
- Markaziy Osiyoni ta'lim, ilm-fan, raqamli texnologiyalar va katta ma'lumotlar (Big Data) sohalarida innovatsiyalar bo'yicha global raqobatbardosh markazga aylantirish;
- Yevroosiyoning qoq markazida barqaror rivojlanish, o'zaro mustahkam bog'liqlik va yaxshi qo'shnichilik muhitini shakllantirish;
- Mintaqamizning xalqaro sub'ekt sifatidagi maqomini mustahkamlagan holda davlatlararo tashkilotlar va «Markaziy Osiyo plyus» formatlari doirasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish kabi muhim vazifalar hali oldinda.
Xususan, SHHT maydonida mushtarak ilmiy va ma'rifiy muhitni shakllantirish — mintaqa yoshlari uchun misli ko'rilmagan keng istiqbollarni ochmoqda. Akademik mobillikni oshirish, malaka va diplomatik hujjatlarni o'zaro tan olish, shuningdek, qo'shma tadqiqot loyihalarini kengaytirish SHHTga a'zo mamlakatlarning umumiy barqarorligi hamda intellektual zaxirasini boyitishda asosiy tayanch vazifasini o'taydi.
E'tirof etish zarurki, ta'lim va fan sohasidagi mushtaraklik gumanitar hamkorlikning mustahkam poydevoridir. Gumanitar sohadagi ishlar mohiyatining sifat jihatidan o'zgarishi xalqlarimiz o'rtasidagi birlik, hamjihatlik va o'zaro tushunish tuyg'usini yanada mustahkamlaydi hamda «Shanxay ruhi»ning eng ezgu qadriyatlarini kelajak avlodlarga bekamu ko'st yetkazishda ishonchli ko'prik vazifasini bajaradi.
SHHT Dorilfununi tarmog'ining kengayishi mintaqa oliy ta'lim tizimiga jahon standartlarini tatbiq etishda muhim o'rin tutadi. Bu jarayon faqatgina talabalar almashinuvini emas, balki mintaqaviy darajadagi murakkab vazifalarni hamjihatlikda hal eta oladigan yangi avlod olimlari va mutaxassislari jamoasini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Darhaqiqat, aynan ta'lim integratsiyasi Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy istiqboldagi manfaatlariga to'liq mos keladi. SHHT platformasi tufayli oliy o'quv yurtlari raqamli ta'lim va sun'iy intellekt imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish, fan va texnologiya sohalarida tajriba va resurs almashish imkoniyatiga ega bo'lmoqda, bu esa bevosita iqtisodiy yuksalishning muhim shartidir.
Mintaqada ta'lim tashabbuslarining qo'llab-quvvatlanishi geosiyosiy barqarorlik va madaniy muloqotni mustahkamlashning eng maqbul omili hisoblanadi. Qolaversa, atrof-muhitni muhofaza qilish, «yashil» texnologiyalarni joriy etish va ekologik xavfsizlikni ta'minlash har doim mintaqaviy kun tartibining ustuvor yo'nalishi bo'lib kelgan va shunday bo'lib qoladi. Yoshlar va tadqiqotchilar o'rtasidagi bilim almashinuvi ilm-fanni rivojlantirib, xalqlarimiz o'rtasidagi azaliy do'stlik va o'zaro ishonch rishtalarini yangi bosqichga olib chiqadi.
Quvonarlisi, SHHT doirasidagi yangi ta'lim tashabbuslari Markaziy Osiyo oliy o'quv yurtlariga global akademik muhitda munosib o'rin egallashga yordam bermoqda. Birgalikda yaratilayotgan qo'shma dasturlar va grantlar mintaqadagi iqtidorli yoshlarga o'z yurtida va hamkor mamlakatlarda yuqori sifatli ta'lim olish imkonini taqdim etmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbuskorligida so'nggi yillarda ilm-fan, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biri sifatida belgilandi. Mamlakatda bilim, ilmiy tadqiqotlar va texnologik tadbirkorlikka asoslangan zamonaviy innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish bo'yicha tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Buning amaliy natijalari va erishilgan muhim marralar salmoqli raqamlar va aniq ko'rsatkichlarda o'z ifodasini topmoqda.
Xususan, birgina 2025 yilning o'zida mamlakatimizda inson kapitalini rivojlantirish va yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish borasida ham keng ko'lamli ishlar bajarildi. Jumladan, 250 dan ortiq yosh olim xorijiy yetakchi ilmiy markazlarda stajirovka va amaliyot o'tadi, oliy ta'limdan keyingi ta'lim instituti uchun 5 250 ta PhD va DSc kvotalari ajratildi.
Shu bilan birga, Yoshlar texnoparklari dasturlariga 50 mingdan ziyod yosh novatorlar qamrab olindi.
Ushbu tizimli islohotlarning xalqaro e'tirofi sifatida O'zbekiston Global innovatsion indeksda 139 ta mamlakat orasida 79-o'rinni egallab, o'z pozitsiyasini mustahkamladi.
Muhimi ta'lim va ilm-fan sohasidagi deklarativ bayonotlar davri ortda qoldi; bugun SHHT maydoni aniq amaliy loyihalar va strategik tashabbuslar maydoniga aylanmoqda.
Xususan, 2026 yil 16 iyun kuni SHHTga a'zo davlatlar ta'lim vazirlarining Belarusda bo'lib o'tgan 10-yig'ilishida aynan ta'lim orqali o'zaro ishonchni mustahkamlash, hamkorlik va bilimlar makonini kengaytirish g'oyasi markaziy mavzuga aylandi. Ushbu anjumanda O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri K.Sharipov tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar va mamlakatimizdagi ta'lim qamrovini oshirish tajribasi a'zo davlatlar diqqat markazida bo'ldi.
Shu bilan birga, 2026 yil 22 may kuni SHHTga a'zo davlatlar fan va texnika vazirliklari rahbarlarining Bishkekda bo'lib o'tgan 10-yig'ilishida innovatsion hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
2025 yilda O'zbekiston Respublikasi Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda SHHTga a'zo mamlakatlarning sohaviy tashkilotlari tomonidan xalqaro qo'shma ilmiy loyihalar tanlovi e'lon qilindi. Rossiya, Belarus, Qozog'iston, Xitoy va Pokistonlik hamkorlar bilan birgalikda amaliy va innovatsion tadqiqotlarni nazarda tugan ushbu tanlovga ilmiy hamjamiyat tomonidan katta qiziqish uyg'otib, ko'plab talabnomalar kelib tushdi.
Shuningdek, SHHT makonida inson kapitalini mustahkamlashning yana bir muhim vositasi — bu akademik mobillik.
Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan so'nggi yillarning o'zida
140 dan ortiq yosh tadqiqotchi va mutaxassislarning Xitoy, Rossiya, Qozog'iston va Hindistonning yetakchi ilmiy-ta'lim markazlarida ilmiy stajirovkalari tashkil etildi.
Bu uzoq muddatli hamkorlik va yangi avlod olimlarini tayyorlashning mustahkam mexanizmiga aylanmoqda.
Shanxay hamkorlik tashkilotining 25 yillik yubileyi va Bishkek sammiti arafasida ekspertlar jamiyati tashkilot faoliyatini sarhisob qilar ekan, gumanitar va ta'lim sohasidagi hamkorlik tuzilmaning eng hayotbaxsh yo'nalishi ekanini e'tirof etmoqda.
Bunda ta'kidlanganidek, SHHTning chorak asrga tatigulik eng katta yutug'i — turli siyosiy va madaniy qarashlarga ega davlatlar o'rtasida muloqot uzilmasligini ta'minlaganidadir.
Bugun xavfsizlik konsepsiyasi faqat harbiy yoki chegara omillari bilan cheklanib qolmay, raqamli taraqqiyot, sun'iy intellekt, ekologiya va inson kapitalini rivojlantirish yo'nalishini ham qamrab olmoqda.
Dunyo aholisining qariyb 40 foizini va ulkan intellektual resurslarni mujassam etgan tashkilot uchun ta'lim integratsiyasi — geosiyosiy raqobat sharoitida barqarorlikni saqlashning yagona to'g'ri yo'lidir.
Shu ma'noda, Toshkentda muvaffaqiyatli o'tkazilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali doirasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlarning yoshlari o'rtasida “SHHTning 100 nafar kelajak innovatori” xalqaro tanlovi o'tkazilganligi alohida ta'kidlash lozim.
Bu kabi tadbirlar talabalar, yosh olimlar, muhandislik jamoalari va texnologik jamoalarni birlashtirib, SHHT makonida yoshlar diplomatiyasi va texnologik yetakchilikni mustahkamlaydi.
SHHT Davlat rahbarlari kengashi va sohaviy vazirlar yig'ilishlarining yakuniy hujjatlari hamda deklaratsiyalarga muvofiq, Markaziy Osiyo va keng SHHT makonida ta'lim va fan integratsiyasi oddiy yoki odatiy muassasalararo hamkorlik emas, balki mintaqada barqaror taraqqiyot, tinchlik, ahil qo'shnichilik va raqobatbardoshlikni ta'minlaydigan eng oqilona va strategik investitsiya sifatida e'tirof etiladi.
Xulosa o'rnida ta'kidlash joizki, birgalikda yaratilayotgan raqamli ekotizimlar, “yashil” ilm-fan tashabbuslari va yoshlar o'rtasidagi samimiy akademik muloqot SHHT makonini global taraqqiyot va innovatsiyalarning qudratli dvigateliga aylantirishda hal qiluvchi o'rin tutadi.
Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi
Boshqarma boshlig'i
Fazliddin Mo'minov






























