O'zbekiston va Amerika Qo'shma Shtatlari o'rtasidagi munosabatlar so'nggi yillarda yangi bosqichga ko'tarilmoqda. Bugungi hamkorlik transport-logistika, aviatsiya, infratuzilma, raqamli texnologiyalar, moliyaviy xizmatlar, sanoat kooperatsiyasi va xalqaro transport yo'laklarini rivojlantirish kabi strategik yo'nalishlarni qamrab olmoqda.
O'zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgan davlat sifatida xalqaro bozorlarga chiqish, eksport geografiyasini kengaytirish va global ta'minot zanjirlariga faol qo'shilish masalalariga alohida e'tibor qaratmoqda. Shu nuqtai nazardan, transport-logistikainfratuzilmasini modernizatsiya qilish mamlakat iqtisodiy siyosatining muhim ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangan.

AQSh ilg'or texnologiyalar, aviatsiya sanoati, yirik moliyaviy institutlar, raqamli yechimlar va global logistika tajribasiga ega davlat sifatida O'zbekistonning ushbu strategik maqsadlarini amaliy jihatdan qo'llab-quvvatlay oladigan muhim hamkorlardan biri hisoblanadi.


2025yil sentyabrda Nyu-Yorkda AQShning yetakchi kompaniyalari bilan o'tkazilgan uchrashuvlar natijasida fuqaro aviatsiyasi, tog'-kon sanoati, moliya va innovatsiyalar, kimyo, energetika hamda boshqa ustuvor yo'nalishlarda umumiy qiymati 100milliard dollardan ortiq bo'lgan shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.
2025 yilda O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi yuk tashuvlarida jami 60,4ming tonnayukning 44,2ming tonnasi temir yo'l orqali tashilgan. Avtomobil transporti orqali 13,8ming tonna, havo transporti orqali 2,4ming tonnayuk tashilgan.
2026 yilning dastlabki 6 oyida O'zbekiston va AQSh o'rtasida 31,2ming tonna yuk tashilgan. Shundan 30,7ming tonnasi AQShdan O'zbekistonga import hissasiga to'g'ri kelgan.
Siyosiy muloqotning yuqori darajada faollashuvi iqtisodiy
va infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surish uchun muhim institutsional asos yaratmoqda. 2025yilnoyabr oyida Vashington shahrida bo'lib o'tgan oliy darajadagi uchrashuvlarda O'zbekiston–AQSh strategik sherikligini yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, C5+1 formatida Markaziy Osiyo va AQSh o'rtasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qo'shma loyihalarni ilgari surish uchun institutsional mexanizmlarni takomillashtirish zarurligini alohida ta'kidladilar.
2026yiliyun oyida AQShning yetakchi kompaniyalari, moliyaviy institutlari va biznes doiralari bilan o'tkazilgan uchrashuvlar ham ikki tomonlama iqtisodiy sheriklik amaliy bosqichga o'tayotganini ko'rsatdi. Unda AQSh Eksimbanki, AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi — DFC, AQSh–O'zbekiston savdo palatasi hamda “Boeing”, “Visa”, “JPMorgan”, “Meta”, “BlackRock”, “AirProducts” kabi yirik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Muhim minerallar, energetika, metallurgiya, moliya, sun'iy intellekt, raqamli texnologiyalar va boshqa sohalarda aniq loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi.
Ushbu yo'nalishlarning transport-logistika tizimi bilan bevosita bog'liq jihati shundaki, zamonaviy sanoat va eksport zanjirlari ishonchli logistika infratuzilmasisiz rivojlana olmaydi. Muhim minerallar, sanoat mahsulotlari, yuqori texnologik tovarlar va qishloq xo'jaligi mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazish uchun multimodal tashuvlar, konteynerlashtirish, omborxona va bojxona terminallari, elektron kuzatuv tizimlari hamda tezkor transport xizmatlari talab etiladi.
Shu ma'noda, Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi, data-markazlar va quruqlik portlari barpo etish kabi infratuzilmaviy tashabbuslar O'zbekiston–AQSh hamkorligining transport-logistika kun tartibida alohida o'rin tutadi. Yangi xalqaro aeroport mamlakatning havo transporti imkoniyatlarini kengaytirish, avia-yuk, pochta jo'natmalari, tezkor yetkazib berish, elektron tijorat, farmatsevtika mahsulotlari va xalqaro tranzit xizmatlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Toshkent–Nyu-York–Toshkent yo'nalishida to'g'ridan-to'g'ri qatnovlar amalga oshirilmoqda. Ushbu yo'nalish ikki davlat o'rtasidagi biznes aloqalari, turizm va savdoni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, mazkur yo'nalish yuqori qiymatli va tez yetkazilishi zarur bo'lgan yuklar uchun ham muhim logistika kanali hisoblanadi.
Aviatsiya sohasidagi eng yirik qadamlardan biri “UzbekistanAirways”
va “Boeing” kompaniyasi o'rtasidagi kelishuvlar bilan bog'liq. 2025yilsentyabr oyida milliy aviakompaniya 14ta “Boeing787-9Dreamliner” samolyotini xarid qilish va yana 8ta samolyotni keyinchalik xarid qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi kelishuv imzoladi. Keyinchalik C5+1 sammiti doirasida qo'shimcha 8ta samolyot bo'yicha kelishuv qat'iy buyurtmaga aylantirildi va “UzbekistanAirways”ning Boeing787-9 bo'yicha buyurtmalari 22 taga yetdi.
Yangi uzoq masofali samolyotlar parki Toshkentni Shimoliy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo o'rtasidagi muhim havo bog'lanish nuqtasiga aylantirish imkonini beradi. Bu nafaqat yo'lovchi tashish hajmini oshiradi, balki xalqaro havo yuk tashuvlari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish jarayoni ham transport-logistika sohasi uchun muhim ahamiyatga ega. 2026yil25iyunda AQSh Savdo vakili boshchiligidagi delegatsiya bilan bo'lib o'tgan uchrashuvda mamlakatimizning JSTga a'zo bo'lish jarayonida AQSh bilan hamkorlikni davom ettirish va ushbu yo'nalishda qo'llab-quvvatlash masalasiga alohida e'tibor qaratildi. JSTga a'zolik savdo qoidalarini xalqaro standartlarga moslashtirish, bojxona tartiblarini soddalashtirish, hujjat aylanishini shaffoflashtirish va tashqi savdodagi ortiqcha to'siqlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Bu jarayon bevosita logistika xarajatlarining pasayishi, yuklarni rasmiylashtirish muddatlarining qisqarishi va eksportyorlar uchun raqobatbardosh muhit shakllanishiga olib keladi. Shu bilan birga, xalqaro standartlarga mos savdo tizimi xorijiy investorlar va logistika kompaniyalari uchun ishonchli huquqiy muhit yaratadi. Natijada zamonaviy omborlar, logistika markazlari, quruqlik portlari, bojxona terminallari va multimodal tashuv xizmatlariga investitsiya kiritish imkoniyatlari kengayadi.
Savdo ko'rsatkichlarining o'sishi ham ushbu tendensiyani tasdiqlaydi. 2024yilda ikki davlat o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 882million dollarga yetgani, 2025yilda esa o'zaro savdo hajmi 1milliard dollardan oshgani qayd etilgan. Shu bilan birga, mamlakatimiz bozorida AQShning 340ga yaqin kompaniyalari faoliyat yuritayotgani Qo'shma Shtatlar O'zbekistonning iqtisodiy sheriklaridan biriga aylanganini ko'rsatadi. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo'jaligi, axborot texnologiyalari va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar esa ikki tomonlama hamkorlikning amaliy mazmunini yanada boyitmoqda. Bu O'zbekiston mahsulotlarining AQSh bozoriga kirib borishi barqaror yo'nalishga aylanayotganini, shu bilan birga, transport-logistika xizmatlariga bo'lgan talabning yanada ortishini anglatadi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo'nalishi raqamli xizmatlar va yuqori texnologiyalar bilan bog'liq. AQSh bozoriga yo'naltirilgan IT va raqamli xizmatlar eksportining o'sishi O'zbekiston iqtisodiyotida yangi eksport yo'nalishlari shakllanayotganini ko'rsatadi.
C5+1 formati doirasidagi hamkorlik O'zbekiston–AQShtransport-logistika munosabatlariga mintaqaviy o'lcham beradi. Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh o'rtasida savdo, investitsiya, raqamli iqtisodiyot, ta'minot zanjirlari va transport bog'liqligini kuchaytirish bo'yicha muloqotlar mintaqaning global bozorlar bilan integratsiyalashuvini tezlashtiradi. O'zbekiston uchun bu jarayon xalqaro transport yo'laklarini diversifikatsiya qilish, tranzit salohiyatini oshirish va mintaqaviy logistika markaziga aylanish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Mamlakatda avtomobil va temir yo'l tarmoqlari, terminallar hamda aeroportlarni modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli dasturlar amalga oshirilmoqda. 2030 yilga qadar transport infratuzilmasini rivojlantirish uchun 12milliard dollardan ziyod mablag' yo'naltirilishi rejalashtirilgani ushbu sohadagi islohotlarning miqyosi va uzoq muddatli ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
Ushbu hamkorlik O'zbekistonning transport-logistika tizimini zamonaviylashtirish, eksport salohiyatini oshirish, global ta'minot zanjirlariga qo'shilish va Markaziy Osiyoda raqobatbardosh logistika xabiga aylanish maqsadlariga xizmat qiladi.


O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o'rganish markazi etakchi mutaxassisi O. Abdusamatov