Dunyo xalqlarini bir-biriga yaqinlashtiradigan, davlatlar o'rtasida o'zaro ishonch muhitini mustahkamlaydigan eng ta'sirchan omillardan biri – madaniyatdir. Zero, madaniyat millatning yuzi, ma'naviyatining ifodasi, tarixi va kelajagi, asriy qadriyatlar beshigidir. Bugungi kunda mamlakatlar o'rtasidagi munosabatlar nafaqat iqtisodiy manfaatlar, balki madaniy-gumanitar hamkorlik orqali ham yangi mazmun va ahamiyat kasb etmoqda.
Ayniqsa, mamlakatimizning ochiq va manfaatli tashqi siyosati natijasida xalqaro madaniy aloqalar sezilarli darajada kengaydi. Prezidentimiz tomonidan madaniyat diplomatiyasini tashqi siyosatning muhim omili sifatida belgilashi yurtimizning xalqaro madaniy maydonda tobora o'sib borishini ta'minladi. Bu jarayonda AQSh bilan madaniy hamkorlik alohida ahamiyatga ega.
So'nggi yillarda davlatlar aynan shu tamoyil asosida izchil rivojlanib kelmoqda.

Xususan, madaniyat, ta'lim, ilmiy almashinuv, madaniy merosni rivojlantirish kabi yo'nalishlar munosabatlarning ajralmas qismiga aylangan. Bu esa ikki mamlakat o'rtasidagi sheriklikning yangi bosqichga ko'tarilayotganidan dalolat.
Endi esa aniq va manfaatli masalalarga ya'ni ikki davlat o'rtasidagi siyosiy munosabatlar haqida to'xtalib o'tsak. 2017 yildan boshlab mamlakatlar o'rtasida madaniy aloqalar muttasil faollashdi. Xususan, Toshkentda amerikalik dirijyorlar, musiqachilar va professorlar ishtirokida o'tkazilgan konsertlar hamda mahorat darslari ikki mamlakat musiqiy maktablari o'rtasida tajriba almashinuvining yangi sahifasini ochdi. Bu tashriflar milliy san'at an'analari va zamonaviy ijrochilik maktablarini rivojlantirib, kelajak avlodga yangi eshiklarini ochdi.
Shuningdek, shu yilda yurtimizning ma'naviy poytaxti, Samarqandda bo'lib o'tgan XI xalqaro «Sharq taronalari» festivalida AQShning «Gina Chavez Band» jamoasi ishtirok etdi.
Mazkur festival AQSh ijodkorlari uchun ham Markaziy Osiyoning boy musiqiy merosi bilan yaqindan tanishish va tushunish imkonini berdi. Keyinchalik ushbu jamoaning O'zbekistondagi Xalqaro jazz festivalida yana ishtirok etishi madaniy muloqot bir martalik emas, balki izchil hamkorlikka aylanayotganini ko'rsatdi.
Darhaqiqat, madaniy hamkorlikning yana bir muhim jihati – ta'lim sohasidagi aloqalardir. 2017 yilda Michigan davlat universiteti musiqa kolleji professorlarining O'zbekiston Davlat konservatoriyasida mahorat darslari o'tkazishi, 2022 yilda esa R. Glier nomidagi ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi bilan Minnesota shtatidagi Bemidji davlat universiteti o'rtasida hamkorlik yo'lga qo'yilishi kelajak avlod san'atkorlari uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochdi. Bu kabi aloqalar nafaqat tajriba almashish, balki ikki mamlakat ta'lim muassasalari o'rtasida uzoq muddatli akademik sheriklik shakllanishiga xizmat qiladi.
Takidlash joizki, yurtimizning ochiq tashqi siyosati xalqaro madaniy makondagi ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdi. Xususan, Samarqand, Xiva, Buxoro, Qo'qon, Nukus, Namangan, Andijon kabi shaharlarda o'tkazilgan nufuzli xalqaro festivallar nafaqat milliy madaniyatni namoyish etish, balki turli mamlakatlar bilan gumanitar muloqotni kuchaytirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, 2019 yilda AQSh tomonidan ajratilgan 150 ming dollarlik davlat granti Xivada joylashgan Toshhovli saroyini restavratsiya qilish ishlari boshlangani madaniy diplomatiyaning amaliy natijalaridan biri bo'ldi. Keyinchalik Smitson instituti vakillarining Xivaga tashrifi ham mazkur yo'nalishdagi muloqotning davomiyligini tasdiqladi. Bu tashrif davomida mehmonlar tarixiy va navqiron Xivani aylanib, yurtimizning tarixiy shaharlari haqida iliq fikrlar bildirishdi.
Shuningdek, 2020 yildan keyingi davrda madaniy munosabatlar yanada ko'p qirrali tus oldi. AQShda o'zbek milliy raqs san'atini o'rganishga bag'ishlangan maxsus loyihaning amalga oshirilishi, amerikalik mutaxassislarning Xivadagi «Lazgi» xalqaro festivali, Nukus va Gulistondagi xalqaro xayriya san'ati festivallari, Qo'qondagi Xalqaro hunarmandchilik festivali, Andijondagi «Dunyo sadolari» forumida muntazam ishtirok etishi madaniy muloqotning sarhadlari hamda mazmun-mohiyati kengayib borayotganini ko'rsatadi.
Bu jarayonga nazar tashlar ekanmiz, bir muhim xususiyat ko'zga tashlanadi. Ilk bosqichda hamkorlik asosan konsert va festivallar doirasida kechgan bo'lsa, keyingi yillarda u ta'lim, restavratsiya, madaniy merosni muhofaza qilish, xalq amaliy san'ati, raqs, maqom kabi keng qamrovli sohalarni o'z ichiga oldi. Demak, munosabatlar o'zaro tizimlashib, sheriklik yangi bosqichga ko'tarilgan.
Madaniyat faqat ma'naviy qadriyat emas, balki ijodiy iqtisodiyotning ham muhim tarmog'idir. Kino, musiqa, turizm, hunarmandchilik va festivallar orqali mamlakatlarning iqtisodiy salohiyati ham ortib boradi. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi madaniy hamkorlik ijodiy industriyalarni rivojlantirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
Shuningdek, so'nggi yillarda Xiva shahrida o'tkazilgan xalqaro baxshichilik san'ati festivali, Namanganda YUNESKO va AYSESKO shafeligida tashkil etilgan III Xalqaro maqom san'ati anjumanida AQSh vakillarining ishtirok etishi milliy nomoddiy madaniy merosni xalqaro miqyosda targ'ib qilishga xizmat qildi. Bu ishtiroklar yurtimiz madaniyatini jahon madaniy makonidagi nufuzini oshirish bilan birga, AQSh jamoatchiligining o'zbek milliy san'atiga bo'lgan qiziqishini ham kuchaytirmoqda.
Joriy yilda, ana shunday muhim uchrashuvlardan biri, Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh madaniyat vazirlarining uchrashuvi poytaxtimizda tashkil etildi. Mazkur uchrashuvda tomonlar ijodiy sanoat, raqamli loyihalarni rivojlantirish, kasbiy tajriba almashish, shuningdek, kino, teatr, adabiyot va musiqa sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo'yicha madaniy-gumanitar hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar Vashingtonda bo'lib o'tgan «Markaziy Osiyo – AQSh» sammitida qabul qilingan Madaniy merosni asrab-avaylash bo'yicha Madaniyat vazirlari kengashining qo'shma bayonnomasini imzoladilar. Shu bilan birga, O'zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Qozog'iston Bosh vazirining o'rinbosari – madaniyat va axborot vaziri Aida Balaeva bilan uchrashib, adabiyot va teatr san'ati sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Xulosa qilib aytsak, bugungi kunda madaniyat davlatlar o'rtasidagi munosabatlarning eng barqaror ustunlaridan biriga aylangan. Siyosiy vaziyat o'zgarishi, iqtisodiy manfaatlar vaqt o'tishi bilan almashishi mumkin, ammo madaniy aloqalar xalqlarning qalbida, yuragida, ruhida abadiy yashaydi.
Zero, madaniyat – millat kechagini buguni bilan, bugunini esa ertangi kuni bilan bog'laydigan ma'naviy ko'prikdir. Unga kiritilgan har bir sarmoya, aslida, inson qalbiga, millat kelajagiga va tinchlikka kiritilgan sarmoyadir. O'zbekiston va Amerika Qo'shma Shtatlari o'rtasidagi madaniy hamkorlik ham ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Bugun birgalikda ekilayotgan ishonch urug'lari ertaga xalqlar o'rtasidagi mustahkam do'stlik daraxtiga aylanadi. Uning soyasida bir necha avlodlar, bir necha soha vakillari hamda ijodkorlar birlashib, ijod orqali millat ravnaqiga hissa qo'shishiga ishonamiz.