So'nggi yillarda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon energetika sohasidagi hamkorlik mutlaqo yangi bosqichga ko'tarildi. Bu jarayon, avvalo, davlat rahbarlarining o'zaro ishonch, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik tamoyillariga asoslangan oqilona siyosati samarasidir. Ana shu qat'iy siyosiy iroda tufayli mintaqada ilgari faqat istiqbol sifatida baholangan yirik energetika tashabbuslari bugun amaliy bosqichga chiqib, Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti va global “yashil” transformatsiyasiga xizmat qilayotgan muhim loyihalarga aylanmoqda.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo energetika sohasida raqobat maydoni emas, balki o'zaro ishonch, manfaatlar mushtarakligi va barqaror taraqqiyot tamoyillariga asoslangan hamkorlik makoniga aylanib bormoqda.Bu jarayon mamlakatlar rahbarlarining uzoqni ko'zlagan siyosati, ochiq muloqoti va konstruktiv yondashuvi tufayli amaliy mazmun kasb etmoqda.
Energetika xavfsizligi, suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanish, elektr energiyasi tizimlarini muvofiqlashtirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini jadal rivojlantirish mintaqa davlatlari hamkorligining ustuvor yo'nalishlariga aylandi. Shu asosda shakllanayotgan yangi mintaqaviy arxitektura nafaqat ichki ehtiyojlarni ta'minlash, balki xalqaro energetika bozori uchun ham yangi imkoniyatlarni ochmoqda.
Markaziy Osiyo mamlakatlari energetika va suv xo'jaligi sohalarida doimiy muloqot mexanizmlarini shakllantirdi. O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston energetika hamda suv xo'jaligi vazirliklari o'rtasida muntazam o'tkazilayotgan ishchi uchrashuvlar elektr energiyasi tizimlarining barqaror ishlashi, suv resurslaridan samarali foydalanish, mavsumiy yuklamalarni muvofiqlashtirish va aholi hamda sanoatni uzluksiz energiya bilan ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu jarayonda O'zbekiston va Qozog'istonning strategik sherikligi alohida o'rin tutadi. Ikki mamlakatning milliy energetika tizimlari chambarchas bog'langan bo'lib, elektr energiyasi oqimlarini muvofiqlashtirish, quvvatlar balansini saqlash va yagona energetika tizimining ishonchli faoliyatini ta'minlash bo'yicha amaliy hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Davlat rahbarlari darajasidagi muntazam muloqotlar mazkur hamkorlikni yanada mustahkamlab, uni butun mintaqa uchun muhim integratsion omilga aylantirdi.
Qayta tiklanuvchi energiya sohasida ham mamlakatlar maqsadlari o'zaro uyg'un. O'zbekiston so'nggi yillarda “yashil” energetikani jadal rivojlantirib, quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy elektr tarmoqlarini barpo etish bo'yicha keng ko'lamli dasturlarni amalga oshirmoqda. Qozog'iston ham “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish va uglerod chiqindilarini qisqartirishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirmoqda. Qirg'iziston va Tojikiston esa gidroenergetika sohasidagi ulkan salohiyati bilan mintaqa energetika xavfsizligiga munosib hissa qo'shmoqda. Turkmaniston esa energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va elektr energiyasi eksportini kengaytirish bo'yicha muhim tashabbuslarni amalga oshirmoqda.
Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy maqsadi faqat milliy energetika tizimlarini rivojlantirish emas. Asosiy vazifa — o'zaro bog'langan, raqobatbardosh, ekologik barqaror va tashqi bozorlar uchun ochiq bo'lgan yagona mintaqaviy energetika makonini shakllantirishdir. Bu yo'lda Ozarbayjonning ishtirok etishi hamkorlikning geografiyasini yanada kengaytiradi va Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bog'laydigan muhim strategik yo'nalishni yuzaga keltiradi.
“Yashil yo'lak” – Markaziy Osiyoni Yevropa bilan
bog'laydigan strategik ko'prik
Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida shakllangan yuqori darajadagi siyosiy ishonch bugun amalda yirik transmilliy energetika loyihalari orqali o'z ifodasini topmoqda. Shulardan eng muhimi — O'zbekiston, Qozog'iston va Ozarbayjon tomonidan amalga oshirilayotgan “Yashil yo'lak” tashabbusidir.
Ushbu loyiha energetika sohasida mintaqaviy hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, Markaziy Osiyoni Kaspiy dengizi orqali Yevropa energetika tizimi bilan bog'lashni nazarda tutadi. Bu esa mintaqada ishlab chiqarilayotgan ekologik toza elektr energiyasini xalqaro bozorlarga yetkazib berish imkoniyatini yaratadi.
2024 yil noyabr oyida Boku shahrida COP29 doirasida imzolangan strategik sheriklik to'g'risidagi bitim mazkur tashabbusning huquqiy poydevorini mustahkamladi. Keyinchalik milliy elektr tarmoqlari operatorlarining hamkorligi yo'lga qo'yildi hamda “Green Corridor Alliance” mas'uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. Bugungi kunda Italiyaning CESI kompaniyasi tomonidan texnik-iqtisodiy asoslash ishlari olib borilmoqda.
“Yashil yo'lak” loyihasi nafaqat eksport yo'lagi, balki Markaziy Osiyoda yagona integratsiyalashgan elektr bozorini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim strategik platformadir. Loyiha mamlakatlar energetika tizimlarining o'zaro bog'liqligini kuchaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish va investitsiyalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Bu tashabbus O'zbekiston, Qozog'iston va Ozarbayjon o'rtasidagi strategik sheriklikning amaliy ifodasi bo'lib, kelajakda Markaziy Osiyoni global “yashil” energetika zanjirining muhim bo'g'iniga aylantirishga xizmat qiladi.
Qambarota GES-1 – mintaqaning umumiy energetik
xavfsizligi loyihasi
Markaziy Osiyoda energetik integratsiyaning yana bir muhim namunasi — Qambarota GES-1 qurilishidir.
O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston Respublikalari Prezidentlarining siyosiy qo'llab-quvvatlovi hamda uch mamlakat hukumatlarining muvofiqlashtirilgan harakatlari tufayli mazkur loyiha ko'p yillik muhokamalardan amaliy bosqichga o'tdi.
Quvvati 1880 MVt bo'lgan ushbu gidroelektr stansiya faqat yirik energiya ob'ekti emas. U Markaziy Osiyoda suv-energetika muvozanatini ta'minlash, elektr ta'minoti barqarorligini oshirish, mavsumiy yuklamalarni samarali boshqarish va iqlim o'zgarishi sharoitida suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, loyiha uch mamlakat iqtisodiyotiga yangi investitsiyalar, zamonaviy infratuzilma va minglab ish o'rinlarini olib keladi. Loyihada Jahon banki ishtirokining o'ziyoq uning xalqaro ahamiyati va iqtisodiy samaradorligini tasdiqlaydi.
Markaziy Osiyo — global “yashil” energetikaning yangi markazi
Bugun Markaziy Osiyo davlatlari energetika sohasida mutlaqo yangi taraqqiyot modelini namoyon etmoqda. O'zaro raqobat o'rnini ishonchli hamkorlik, resurslar uchun kurash o'rnini esa umumiy manfaatlarga asoslangan integratsiya egallamoqda.
O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston o'rtasidagi muntazam muloqotlar yagona energetika tizimining barqaror ishlashini ta'minlash, suv-energetika resurslarini muvofiqlashtirish hamda favqulodda holatlarda o'zaro qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirmoqda.
Shu bilan birga, O'zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirayotgan keng ko'lamli islohotlar mintaqada “yashil” iqtisodiyotga o'tish jarayonining muhim drayveriga aylandi. Yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda zamonaviy elektr tarmoqlarining jadal barpo etilishi Markaziy Osiyoning umumiy energetik salohiyatini sezilarli darajada oshirmoqda.
Bugungi kunda mintaqa davlatlari nafaqat o'z ichki ehtiyojlarini ta'minlash, balki ekologik toza elektr energiyasini Yevropa va boshqa xalqaro bozorlarga yetkazib berish bo'yicha ham uzoq muddatli strategiyani izchil amalga oshirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo va Ozarbayjon o'rtasida energetika sohasida shakllangan strategik sheriklik davlat rahbarlarining o'zaro ishonch, do'stlik va yaxshi qo'shnichilik tamoyillariga asoslangan siyosatining amaliy natijasidir.
“Yashil yo'lak” va “Qambarota GES-1” kabi yirik tashabbuslar mintaqa davlatlarining birgalikda murakkab vazifalarni hal qilishga qodir ekanini yaqqol namoyon etmoqda. Bu hamkorlik nafaqat energetik xavfsizlikni mustahkamlaydi, balki Markaziy Osiyoni Yevropa va Osiyoni bog'lovchi strategik “yashil” energetika makoniga aylantirish uchun mustahkam zamin yaratadi.






























