Iqtisodiyotdagi bugungi globalashuv, jahonda yuz berayotgan geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyat hozirgi kunda davlatlar o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni nafaqat geografik yaqinlik, balki o'zaro manfaatlar uyg'unligi asosida rivojlantirmoqda.
Hozirgi kunda O'zbekistonning mustaqil va muvozanatli tashqi siyosat olib borayotganligi o'z navbatida mamlakatimiz bilan hamkor davlatlar sonining yildan-yilga ortib borishiga ta'sir ko'rsatmoqda. Ko'p qirrali tashqi siyosat eng avvalo yaqin qo'shnilarimiz bilan o'zaro hamkorlikni saqlagan holda dunyoning turli mintaqalaridagi davlatlar bilan har tomonlama manfaatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, O'zbekistonning Bolqon mintaqasi davlatlari bilan aloqalari so'nggi yillarda turli sohalarda rivojlanib borayapti. Bu borada Serbiya bilan hamkorlikni alohida ta'kidlab o'tish joiz.
O'zbekiston va Serbiya o'rtasidagi diplomatik munosabatlar 1995 yil 18-yanvarda o'rnatilgan. O'shandan buyon ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik turli darajalarda barqaror rivojlanib bormoqda.
Ayrim yillarda ikki davlat o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning rivojlanish dinamikasi nisbatan past bo'lgan esada, so'nggi yillarda O'zbekistonning tobora faollashib borayotgan tashqi siyosati va xalqaro aloqalarni diversifikatsiya qilish borasidagi islohotlari O'zbekiston-Serbiya munosabatlarini sezilarli darajada mustahkamladi.
So'nggi 3-4 yil ichida rasmiy Toshkent va Belgrad o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlik, siyosiy-iqtisodiy sohadagi muloqatlar sifat jihatidan yangi darajaga ko'tarilmoqda. Natijada davlat rahbarlarining o'zaro muloqotlari ikki tomonlama munosabatlarda muhim qadamlarga aylandi. Jumladan, 2023 yil 20-avgustda Budapeshtda bo'lib o'tgan Yengil atletika bo'yicha jahon chempionati doirasida O'zbekiston Prezidenti SH.Mirziyoev va Serbiya Prezidenti A.Vuchich o'rtasida o'tkazilgan uchrashuv ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning rivojlanishiga turtki berdi. Bu ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi navbatdagi uchrashuv 2025 yil 3-sentyabr kuni Pekinda bo'lib o'tdi. Ushbu uchrashuvlar tomonlarning o'zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, xususan, savdo, investitsiya, sanoat, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, turizm, ta'lim, transport va davlatlararo muloqotni faollashtirishdan manfaatdor ekanligini yana bir bor tasdiqladi.
O'zbekiston tashqi siyosatining asosiy tamoyillari, birinchi navbatda xalqaro huquq va BMT Xartiyasiga rioya qilish, davlat suvereniteti va chegaralarining daxlsizligi, do'stlik va manfaatli hamkorlik, ichki ishlarga aralashmaslik, xalqaro nizolarni tinch yo'llar bilan hal etish va shunga o'xshash yo'nalishlarni tashkil etadi. Shu nuqtayi nazardan, ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasida ham o'zaro teng huquqli maslahatlashuvlar, o'zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, 2017 yil avgust oyida Serbiya TIV siyosiy direktori va Prezidentning Kosovo bo'yicha maxsus vakili Z.Vuyich Toshkentga tashrif buyurdi. Tashrif mobaynida Z.Vuyich ishtirokida BMT, YEXHT va YUNESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan siyosiy muloqot va hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
2021 yilda Toshkentda Serbiya TIV davlat kotibi N.Starovich ishtirokida siyosiy maslahatlashuvlar bo'lib o'tdi. 2025 yil 9 oktyabr kuni O'zbekiston va Serbiya Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida videokonferensiya shaklida siyosiy maslahatlashuvlarning ikkinchi davrasi tashkil etildi.
2022 yilda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasida Hamkorlik va idoralararo maslahatlashuvlar to'g'risidagi protokolning imzolanishi O'zbekiston-Serbiya munosabatlarida yangi davrni boshlab berdi. Mazkur hujjat ikki davlat o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida tomonlarning muntazam maslahatlashuvlar o'tkazish, madaniy va gumanitar muloqotni kengaytirish va siyosiy hamkorlikni mustahkamlash borasidagi strategik rejalariga huquqiy asos bo'ldi.
2025 yil sentyabr oyida AQShning Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo'lib o'tdi. Ushbu muloqotlar Toshkent va Belgrad o'rtasidagi turli darajadagi muloqotlarning yangi arxitekturasini shakllantirishda muhim bosqich bo'lib xizmat qildi. Olib borilgan sa'y-harakatlar natijasida 2025 yilda O'zbekistonning Serbiyadagi birinchi elchisi tayinlandi. Bu ikki tomonlama munosabatlarning yanada rivojlanishida muhim qadamga aylandi.
O'zbekiston va Serbiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik hozirda kamtarona ko'rsatkichlarga ega bo'lsada, biroq, bu sohada katta istiqbollar mavjud ekanligini alohida ta'kidlash lozim. Chunki, aynan O'zbekiston Serbiya orqali Bolqon mintaqasidagi boshqa davlatlar, xususan, Xorvatiya, Albaniya, Shimoliy Makedoniya, Chernogoriya hamda Sloveniya kabi davlatlar bilan ham aloqalarni kengaytirib borish salohiyatiga ega.
Kelgusida O'zbekistonning Bolqon mintaqasidagi davlatlar bilan tovar ayirboshlashini ko'paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, qishloq xo'jaligi, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko'plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko'lamli kooperatsiya dasturlarini tayyorlash borasida bir qancha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda.
So'nggi yillarda dunyoda yuz berayotgan geosiyosiy hamda geoiqtisodiy beqaror vaziyat O'zbekistonda ham xalqaro transport yo'laklarini yanada rivojlantirishga sabab bo'lmoqda. Chunki Markaziy Osiyoning barcha davlatlariga to'g'ridan-to'g'ri chiqish imkoniyatiga ega O'zbekiston Xitoy, Hindiston, Yevropa va boshqa davlatlar o'rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun qulay geografik yerda joylashgan davlat sifatida e'tirof etiladi. Mamlakatimiz shu imkoniyatlardan foydalanish maqsadida “Markaziy Osiyo – Bolqon” yo'nalishida yangi transport yo'laklarini ochishga harakat qilmoqda. Chunki, O'zbekiston uchun Transkaspiy yo'lagi doirasida Bolqon davlatlari bilan har tomonlama savdo-iqtisodiy rivojlantirish strategik ahamiyatga ega.
Hozirgi paytda O'zbekistonda Serbiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni o'nga yaqin bo'lib, shundan ikkitasi qo'shma korxona va qolganlari yakka tartibdagi tadbirkorlik sub'ektlari sifatida faoliyat olib bormoqda. Ikki davlat o'rtasidagi o'zaro tovar aylanmasi yiliga 12 mln. AQSh dollari atrofida bo'lishiga qaramay, iqtisodiy, investitsiyaviy hamda savdoni rivojlantirish bo'yicha juda katta iqtisodiy salohiyat mavjud.
Agar ikki mamlakat o'rtasida 2023-2026 yillardagi rasmiy muzokaralar va biznes-forumda qayd etilgan ustuvor yo'nalishlar, kelishuvlar hamda tuzilgan shartnomalar mohiyatiga qaraydigan bo'lsak, O'zbekiston uchun asosan sanoat uskunalari, mashina va mexanizmlarni Serbiyadan import qilish muhim hisoblanadi. Xususan, O'zbekistonga Serbiya texnologiyalarini olib kirish, qo'shma korxonalarni tashkil etish, mamlakatda avtomobilsozlik uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, ayrim ishlab chiqaruvchi sohalarni mahalliylashtirish hamda O'zbekistonni nafaqat Markaziy Osiyo bozori, balki Yevropa bozorlari uchun ishlab chiqarish bazasiga aylantirish muhim hisoblanadi.
Serbiya uchun O'zbekistondagi qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati, oziq-ovqatni qayta ishlash uskunalari, raqamlashtirish, sun'iy intellekt, farmatsevtika, to'qimachilik va avtomobilsozlik sohalariga investitsiya loyihalari, xususan, Yevropa texnologiyalarini O'zbekistonga olib kirish, nou-xau va Yevropa tajribasini soha va tarmoqlarga joriy etish, hududlarni rivojlantirish muhim hisoblanadi. Bu esa ikki davlat o'rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, jumladan, hamkorlikda yengil sanoat, to'qimachilik, farmatsevtika, avtomobilsozlik hamda qishloq xo'jaligini rivojlantirish borasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkonini beradi.
Xulosa sifatida shuni ta'kidlashimiz mumkinki, ikki davlat o'rtasidagi siyosiy kelishuvlar muhim bo'lsa-da, ularni real iqtisodiy natijaga aylantiradigan birinchi muhim omil - transport yo'laklarini ishga tushirish bo'lsa, ikkinchi muhim omil - biznesga keng yo'l ochish. Ulardan samarali foydalanish uchun quyidagilarni amalga oshirish lozim:
Birinchidan, ikki davlat o'rtasida transport yo'lagi shunchaki “yuk tashish yo'li” emas, balki O'zbekistonning Bolqon orqali Yevropa global qiymat zanjirlariga kirish imkoniyatiga aylanishi darkor.
Ikkinchidan, o'zaro savdo hajmini oshirish bilan birga savdo sifatiga ham jiddiy e'tibor qaratish maqsadga muvofiq. Chunki, xomashyo, yarim tayyor mahsulotlar yoki oddiy mahsulotlar eksportidan ko'ra yuqori qo'shilgan qiymatga ega tovarlar eksportiga e'tibor qaratish lozim.
Uchinchidan, ikki davlat o'rtasida investitsiyalarni rag'batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqarish zarur. Chunki, Serbiya kapitali va texnologiyalarini O'zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilish, shu bilan birga, O'zbekiston biznesining Bolqon bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish ikki davlat iqtisodiyoti uchun katta samara keltiradi.
To'rtinchidan, ikki davlat o'rtasida sanoat kooperatsiyasini yo'lga qo'ygan holda hamkorlikda ishlab chiqarishni joriy etish zarur. Bunda mahsulotni bir mamlakatda ishlab chiqarib, ikkinchi mamlakat bozoriga eksport qilishdan ko'ra, ikki davlat resurslari va imkoniyatlarini birlashtirgan holda uchinchi mamlakat bozoriga chiqish iqtisodiy jihatdan muhimroq hisoblanadi.
Beshinchidan, ikki davlat o'rtasida transport-logistika integratsiyasini yo'lga qo'yish lozim. Bu integratsiya kelgusida transport xarajatlarini qisqartirish bilan birga yangi tranzit yo'nalishlarini rivojlantirishga olib keladi. Natijada savdo imkoniyatlari kengayadi.
Oltinchidan, inson kapitalini rivojlantirish va texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish jarayonini yanada faollashtirish zarur. Bunda iqtisodiy hamkorlik faqat tovarlar almashinuvi emas, balki mutaxassislar, olimlar, muhandislar va tadbirkorlar o'rtasidagi aloqalarning ham yanada mustahkamlanishiga olib keladi.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston va Serbiya o'rtasida yangi iqtisodiy ko'prik o'z navbatida Markaziy Osiyo va Bolqon mintaqasidagi davlatlar uchun ham iqtisodiy o'sishning muhim tayanch nuqtasi bo'lib xizmat qiladi. Natijada O'zbekistonda xalaqaro transport yo'laklarini rivojlantirish imkoni paydo bo'ladi, transport-logistika jarayonlari samaradorligi oshadi, yuklarni yetkazib berish muddati ikki-uch barobar qisqaradi, quruqlik portini yaratish va xalqaro savdo va tranzit salohiyatini oshirishga erishiladi.
Nodirbek Rasulov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor,
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari






























