Toshkentda bo’lib o’tgan “Aholining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda davlat organlarining fuqarolik jamiyati institutlari bilan o’zaro hamkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro konferensiya qator xorijiy OAV e’tibori o’ziga qaratdi.
Xususan, Ozarbayjonning “Trend” axborot agentligi hamda “Etnoglobus” va “Turkish forum” axborot-tahliliy portallarining yozishicha,
Anjuman mamlakatimiz parlamenti, Inson huquqlari bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi va qator xalqaro tashkilotlar O’zbekistonda ijtimoiy sheriklik taraqqiyoti masalalarini muhokama qilishdi.
“Forumda O’zbekistonda ijtimoiy sheriklik institutining yaratilishi, rivojlanishining ijtimoiy-siyosiy hamda qonunchilik asoslari, mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli hamda o’rni haqida so’z yuritilib, ijtimoiy ahamiyatga ega qonun loyihalarini tayyorlash va muhokama qilishda parlament hamda joylarda davlat hokimiyati vakillik organlarining NNT, fuqarolar o’zini o’zi boshqarish organlari va OAV bilan o’zaro hamkorligi tamoyillari, shakllari hamda mezonlari tahlil qilindi. Ushbu sohada to’plangan xalqaro tajriba ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi”, - deb xabar beradi “Trend” axborot agentligi.
O’zbekistonda istiqlolning ilk kunlaridanoq mamlakatni isloh qilish hamda modernizatsiyalash, bu borada kuchli va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish ustuvor yo’nalish sifatida belgilab olindi, deya ta’kidlanadi maqolada.
O’z navbatida, “Etnoglobus” axborot-tahliliy portali forum ishtirokchilari so’zlaridan iqtibos keltirib o’tadi. “Qisqa vaqt ichida O’zbekistonda aholi keng qatlamlarini qo’llab-quvvatlash, mustaqil va barqaror fuqarolik jamiyati institutlari tizimini ravnaq toptirish bo’yicha ulkan ishlar amalga oshirilgani diqqatga sazovordir, - deya qayd etdi Belgiya Senatining faxriy a'zosi Dominik Tilmans. - Bu mamlakatda huquqiy demokratik davlatni shakllantirishning muhim tarkibiy qismi sanaladi. Men yurtingizda tashkil qilingan bunday nufuzli anjumanlarda ko’p bor qatnashganman, parlament hamda Prezident saylovlarini kuzatdim. Binobarin, bu yerdagi demokratik islohotlarni xolis baholash imkoniga egaman. Bugun yurtingizda ko’p sonli NNT demokratik qadriyatlar va inson huquq hamda erkinliklari himoyasini ishonchli ta'minlashga munosib hissa qo’shayapti. Ularning davlat ishlaridagi ishtiroki kengaymoqda. O’zbekiston ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishning xorij tajribasini ko’rib chiqar ekan, fuqarolik jamiyatini shakllantirish amaliyotida ana shu modellarni bevosita ko’chirib olayotgani yo’q, balki demokratik prinsiplarni o’zbek xalqi qadriyatlari bilan uyg’unlashtirmoqda. Biz bu kabi jarayonlarni to’liq qo’llab-quvvatlaymiz.”
““Ijtimoiy sheriklik to’g’risida”gi Qonun katta ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega, - deydi Germaniyaning F. Ebert nomidagi fondi eksperti, siyosatshunos hamda publitsist Serj Embaxer. - Ushbu huquqiy hujjatni ishlab chiqish jarayonining o’zi davlat va jamiyat o’zaro hamkorlikdan naqadar manfaatdor ekanligini ko’rsatdi. Bugun mazkur Qonun samarali ishlamoqda. Fuqarolik jamiyati institutlari davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari bilan konstruktiv munosabatga kirishar ekan, jamiyat va davlat o’rtasidagi hamkorlikni shakllantiradi, aholining turli qatlamlari manfaatlarini ilgari suradi, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta'minlaydi. O’z navbatida, ijtimoiy-iqtisodiy, sotsial hamda gumanitar rivojlanishning dolzarb masalalarini hal etishda aholi faolligini oshiradi, insonlar farovonligi va turmush obodligini, jamiyatda o’zaro hamjihatlikni mustahkamlashga hissa qo’shadi”, - deya ekspertlar fikr mulohazlarini keltirib o’tadi “Etnoglobus” axborot-tahliliy portal.
“Turkish forum” axborot-tahliliy portali mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi NNTni faollashtirish hamda ish ko’lami, ularning jamiyat va davlat boshqaruvidagi vakolatlarini kengaytirishda yangi bosqichni boshlab berganini ta’kidlab o’tgan.
Ozarbayjon OAV anjuman chog’ida qatnashchilar yurtimizda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jabhalarda aholining huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni ta'minlash bo’yicha davlat organlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari o’rtasidagi ijtimoiy sheriklikni yanada ravnaq toptirishga qaratilgan keng ko’lamli islohotlarga yuksak baho berganini ta’kidlab o’tgan.
“Jahon” AA, Baku






























