Prezidentimiz mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo’ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo’nalishlariga bag’ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma'ruzasida respublikamizda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, xususan, Janubiy koreyalik investor va mutaxassislar bilan hamkorlikda Surg’il koni negizida barpo etilgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, uning ahamiyati haqida alohida to’xtalib o’tdi.
E'tiborlisi, keyingi yillarda Qoraqalpog’iston Respublikasida eng zamonaviy, yuqori texnologiyalar asosida ishlaydigan bunday ob'yektlar soni tobora ko’payib bormoqda. Albatta, bularning barchasi mintaqa iqtisodiy salohiyati, aholi hayot darajasi tobora yuksalayotganining amaliy ifodasidir.
Zero, obodlik — farovon hayot mezoni. Mustahkam infratuzilma, zamonaviy qulayliklar, muhtasham imoratu inshootlar... Bularning barchasi bugun shaharu qishloqlarimiz ko’rkiga ko’rk qo’shishi barobarida, yurtdoshlarimiz turmush tarzi, ongu tafakkurini ham tubdan o’zgartirib yubormoqda. Natijada taraqqiyotning “o’zbek modeli” asosida qo’lga kiritayotgan yutuqlarimiz salmog’i yil sayin oshib borayapti.
Muhimi, inson manfaatlari yo’lidagi bunday islohotlar bardavom. Tanlagan yo’limiz, ko’zlagan manzilimiz aniq. Davlatimiz rahbarining oqilona siyosati, xalqimiz g’ayrat-shijoati esa ezgu maqsadlar ro’yobiga xizmat qilib, yuksak marralarni tobora yaqinlashtirayotir.
Haqiqatan ham, mustaqil taraqqiyot yillarida yurtdoshlarimiz uchun munosib turmush sharoitini yaratish eng ustuvor vazifaga aylandi. Shu maqsadda qator davlat dasturlari qabul qilinib, ularda belgilangan muhim vazifalar, chora-tadbirlar izchillik bilan ijro etilmoqda.
“Qoraqalpog’iston Respublikasini ichimlik suvi bilan ta'minlash va rekonstruksiyalashning 2020-yilgacha bo’lgan strategiyasi” — ana shulardan biri. Ayni paytda mazkur hujjatga muvofiq, hududda ko’plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayapti.
— Boshqarmamiz Orolbo’yi mintaqasidagi shahar va tumanlar aholisiga xizmat ko’rsatadi, — deydi “Tuyamo’yin-Nukus” mintaqalararo suv o’tkazgichidan foydalanish boshqarmasi boshlig’i Ro’zimboy Seytov.
— Jumladan, tasarrufimizdagi “Tuyamo’yin” inshooti kuniga 140 ming kubometr, -“Taxiatosh” ob'yekti 60 ming kubometr, Nukusdagi gidroinshoot esa 65 ming kubometr obihayotni tozalash quvvatiga ega.
Ayni paytda ularning soz holatda ishlashini ta'minlashga alohida ahamiyat qaratayapmiz. Mavjud uskuna va qurilmalarimiz bosqichma-bosqich modernizatsiya -qilinayapti.
“Taxiatosh” suv tozalash inshooti bundan besh yil avval 8 million 867 ming AQSh dollarilik loyiha asosida rekonstruksiya qilinib, ishga tushirilgan edi. Hozir u orqali Xo’jayli, Qonliko’l, Shumanay va Qo’ng’irot tumanlari aholisiga toza ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Inshoot rahbari Maqset Jumanovning ta'kidlashicha, bu yerga eng ilg’or kompyuterlashtirilgan texnologiyalar o’rnatilgan. Ularni hududdagi kasb-hunar kollejlarini tugatgan mutaxassislar mohirlik bilan boshqarayotir.
— Joriy yilda Investitsiya dasturi asosida 18 milliard 241 million so’mlik mablag’ hisobiga 123,6 kilometrlik suv tarmoqlarini qurish, 28 ta nasos agregati va 3 ta inshootni rekonstruksiya qilish ko’zda tutilgan, — deydi R. Seytov. — Bu orqali qariyb
36 ming nafar aholi xonadonida ta'minot yaxshilanadi. Shuningdek, 13 ming 560 kishi markazlashtirilgan ichimlik suv manbaidan bahramand bo’ladi. Bu hademay minglab oilalarning turmush farovonligi yanada oshadi, deganidir.






























