610b7ffa54b19e5ee56e2c6a0a03dac3Qirg’izstonning “AKIpress” axborot agentligi o’z o’quvchilarini yaqinda Toshkentda bo’lib o’tgan XII xalqaro “Transport va logistika - TransUzbekistan-2015” ko’rgazmasi bilan tanishtirmoqda. 

Manbaning yozishicha, mazkur tadbir mamlakatga xorijiy sarmoyalar jalb etish hamda O’zbekiston bilan xorijiy kompaniyalar o’rtasida o’zaro hamkorlikni mustahkamlash uchun qulay zamin yaratdi.

“Tadbirda O’zbekiston, AQSh, Germaniya, Fransiya, Polsha, Koreya Respublikasi, Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Latviya, Litva, Rossiya va boshqa mamlakatlarning 50 ziyod yirik korxonalari ishtirok etdi”, - deb yozadi “AKIpress” axborot agentligi.

Shuningdek, xabarda logistika sohasida ulkan ish tajribasiga ega Janubiy Koreyaning “Unico Logistics Co Ltd” firmasi haqida ham so’z yuritilgan. Mazkur kompaniya O’zbekistonning transport kommunikatsiyalarining kelgusidagi rivojlanish jarayonida faol ishtirokchiga aylandi va xozirda xalqaro yuk tashish sohasida “GM Uzbekistan”, “GM Powertrain Uzbekistan”, “SamAuto” kabi yirik ishlab chiqaruvchilar bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.   

Shu bilan bir qatorda, nashrda aytilishicha, ko’rgazmada Latviya eng katta delegatsiya bilan ishtirok etdi. “Bu yil ular temiryo’l orqali yuk tashishlar bilan bir qatorda port xizmatlarini ham taklif etdilar”.

Maqolada ma'lum qilinishicha, O’zbekistonda so’nggi yillarda gaz yoqilg’isidan foydalanuvchi transport vositalarining soni ortib bormoqda. “Xususan, 2008-2012-yillarda atmosferaga zararli moddalarni chiqarishni qisqartirish bo’yicha qabul qilingan chora-tadbirlar natijalariga ko’ra, utgan davr mobaynida ushbu yoqilg’i turiga 161 ming avtomobil o’tkazilgan. 2013-2017-yillarda gaz yoqilg’isidan foylanadigan avtomobillar soni yana 74 mingga oshishi ko’zda tutilgan”, - deya e'tirof etiladi materialda.

Maqola yakunida ta'kidlanishicha, turli mamlakatlardan kelgan transport, logistika va yuk tashish sohasida faoliyat ko’rsatuvchi yirik kompaniyalarni yagona maydonda birlashtirgan “TransUzbekistan-2015” xalqaro ko’rgazmasi mazkur sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va iqtisodiyotga sarmoyalarni jalb etishga qulay zamin yaratdi.  

“Jahon” AA, Bishkek