Azal-azaldan Markaziy va Janubiy Osiyo savdo, madaniy va siyosiy jarayonlar doirasida bir-biri bilan chambarchas bog'langan. Geografik yaqinlik va qadimiy savdo yo'llari xalqlar va sivilizatsiyalar o'rtasidagi faol muloqotga, tovarlar va madaniyat almashinuviga, mintaqaning umumiy tarixiy-madaniy qiyofasini shakllantirishga xizmat qilgan. Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgach, Janubiy Osiyoga nisbatan o'z tashqi siyosiy va iqtisodiy strategiyalarini bosqichma-bosqich amalga oshira boshladilar.
Markaziy va Janubiy Osiyoning strategik joylashuvi, tabiiy resurslarga boyligi, demografik salohiyati va tarixiy merosi bilan belgilanadigan ahamiyatidan kelib chiqqan holda, bu mintaqalar ilmiy tadqiqot mavzusi bo'lib qolmoqda. Xususan, mintaqaviy xavfsizlik kompleksi nuqtai nazaridan olimlar Markaziy va Janubiy Osiyoni ikkita mustaqil va teng huquqli mintaqa sifatida ko'rib chiqadilar. Bunda Afg'onistonning Janubiy va Markaziy Osiyoning o'zaro bog'liqligi va bosqichma-bosqich yaqinlashuvini ta'minlaydigan mintaqaviy xavfsizlik kompleksining asosiy elementi sifatidagi roli transformatsiya qilinayotganini ta'kidlash lozim.
Ta'kidlash joizki, Markaziy Osiyoning markazida joylashgan O'zbekiston mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlashda muhim o'rin tutadi. Shu o'rinda, mamlakat mintaqada tinchlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan konstruktiv tashqi siyosiy tashabbuslarni faol ilgari surib, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasida ko'prik bo'lishga intilmoqda. Mintaqalar o'rtasidagi o'zaro aloqalarga bo'lgan qiziqishni inobatga olgan holda, 2021 yil iyul oyida Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada “Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlikni mustahkamlash to'g'risida”gi maxsus rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish va BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga kiritish taklif etildi. Natijada, 2022 yil iyul oyida BMTga a'zo davlatlar ushbu rezolyutsiyaning qabul qilinishini bir ovozdan ma'qullagani mamlakatimizning xalqaro maydondagi o'rni va nufuzi mustahkamlanib borayotganining yana bir yorqin ifodasi bo'ldi.
Qayd etish lozimki, rezolyutsiyada davlatlarga Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikka umumiy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda sa'y-harakatlarni birlashtirish, transport infratuzilmasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini kengaytirish, shuningdek, dengiz portlariga qulay, barqaror, tijoriy jihatdan foydali, arzon, inklyuziv va xavfsiz yo'llarni ochadigan yangi xalqaro transport yo'laklarini shakllantirish orqali mintaqalar o'rtasidagi hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirish taklif etilgan.
Bu jarayonlarda Termiz ham mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, ham savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish nuqtai nazaridan ikki mintaqani bog'laydigan o'ziga xos maydonga aylanishi mumkin. Shu o'rinda tarixan xalqlar va sivilizatsiyalar muloqoti, savdo-gumanitar va boshqa aloqalarni rivojlantirish markazlaridan biri hisoblangan Termiz shahri ko'p asrlar davomida mintaqada strategik jihatdan muhim o'rin tutganligini qayd etish joiz. Jumladan, Kushonlar imperiyasi davrida Termiz turli sivilizatsiyalar faol hamkorlik qilgan muhim madaniy markazlaridan biri bo'lgan. Shahar Markaziy va Janubiy Osiyoda keng tarqalgan buddaviylik san'ati va adabiyotini yetkazuvchi muhim bog'lovchi nuqta vazifasini bajargan. Bundan tashqari, geografik nuqtai nazardan Termiz Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lab turuvchi shahar hisoblangan. U Sharq va G'arbni bog'lagan Buyuk Ipak yo'lining muhim nuqtalaridan biri ham bo'lgan.
Zamonaviy bosqichda shahar “Termiz – Naibobod – Maydanshaxr – Logar – Xarlachi” temir yo'li, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyalari kabi bir qator transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda boshlang'ich nuqta bo'lib xizmat qilmoqda. Umuman olganda, Termiz maydonining ahamiyati quyidagilar bilan izohlash mumkin:
Birinchidan, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash kesimida Termiz shahri har doim markaziy o'rinni egallab kelgan. 11/09/2001 voqealaridan so'ng bu yerda 2002 yildan 2015 yilgacha faoliyat yuritgan va Afg'onistondagi Xalqaro xavfsizlik kuchlari uchun gumanitar yuklar logistikasini ta'minlagan “Termiz strategik havo-transport punkti” joylashtirildi. Bu tajriba shaharning harbiy beqarorlik sharoitida xavfsiz kesishish va ta'minot punkti sifatidagi ahamiyatini yanada kuchaytirdi.
Bundan tashqari, Termiz O'zbekistonning xalqaro hamkorlar bilan terrorizm, noqonuniy giyohvand moddalar savdosi va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurash bo'yicha qo'shma tashabbuslari doirasida faol foydalanilmoqda. Shu nuqtai nazardan, O'zbekiston va Afg'onistonni bog'lovchi “Do'stlik ko'prigi” nafaqat odamlar va yuklar harakatini nazorat qilishni ta'minlashda, balki mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashda muhim ahamiyatga ega bo'lgan Afg'onistondan kelayotgan giyohvand moddalarning (shu jumladan, sintetik narkotiklar) noqonuniy aylanishini oldini olishda ham muhim rol o'ynaydi (masalan, Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona posti xodimlari joriy yilning mart oyida umumiy og'irligi 70 kg va joriy yilning may oyida 600 kg bo'lgan giyohvandlik vositalarini noqonuniy olib kirishga urinishning oldini olishgan).
Bir vaqtning o'zida, Termiz chegara masalalarini konstruktiv hal etish maydoni ham hisoblanadi. Xususan, 2024 yil 22-28 avgust kunlari Termiz shahrida O'zbekiston-Tojikiston qo'shma demarkatsiya komissiyasi ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo'lib o'tdi. Uchrashuv davomida O'zbekiston-Tojikiston davlat chegarasining loyiha demarkatsiya chizig'idan o'tishini kelishish bo'yicha qo'shma ishlar davom ettirildi, uning yakunlari bo'yicha tegishli bayonnoma imzolandi.
Ikkinchidan, Termiz shahrining Markaziy va Janubiy Osiyoda uzoq muddatli tinchlik va xavfsizlikni ta'minlashning moddiy asosi sifatidagi savdo-iqtisodiy va logistika ahamiyati uning strategik joylashuvi va zamonaviy logistika infratuzilmasi bilan belgilanadi.
Jumladan, 2022 yilda “Termiz kargo markazi” terminali Afg'oniston va Janubiy Osiyo mamlakatlariga yuk oqimlariga xizmat ko'rsatuvchi xalqaro ko'p funksiyali logistika xabi maqomini oldi. Bu o'z navbatida, uning xalqaro gumanitar infratuzilmadagi mavqeini oshirdi (2025 yildan boshlab u BMT Qochqinlar bo'yicha oliy komissari boshqarmasining Global ta'minot tarmog'iga integratsiya qilindi) va gumanitar yordam yetkazib berish geografiyasining kengayishiga hissa qo'shdi (2022 yilda Termizdan Pokistondagi suv toshqinidan jabrlanganlarga gumanitar yordam havo yo'llari orqali yetkazilgan, 2023 yilda BMT QBOKning Termizdagi mintaqaviy gumanitar logistika markazi Afg'onistonga 48 mingdan ortiq ko'rpa yuklangan 12 ta yuk mashinasini jo'natdi). Ta'kidlash joizki, Termiz infratuzilmasi xalqaro tashkilotlar tomonidan Janubiy Osiyoga oziq-ovqat va dori-darmonlarni yetkazib berish uchun faol jalb etilmoqda, bu esa ijtimoiy keskinlikni kamaytirish va gumanitar inqirozlar tufayli yuzaga kelishi mumkin bo'lgan mojarolar kuchayishining oldini olishga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, 2024 yil avgust oyida qulay ishbilarmonlik va logistika muhitini yaratish, ma'muriy jarayonlarni soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga mo'ljallangan “Termiz” xalqaro savdo markazining ochilishi, bir tomondan, shaharning iqtisodiy jozibadorligini oshirsa, ikkinchi tomondan, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning o'sishini rag'batlantiradi. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, 3 mingta savdo nuqtalari joylashgan ushbu Markaz hududida (Afg'oniston bilan chegaradan 500 metr uzoqlikda joylashga va 37 gektar maydonda joylashgan) tashrif buyuruvchilar uchun 15 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan.
Bu yo'nalishda Termiz ikki tomonlama iqtisodiy aloqalar uchun maqbul maydon ham hisoblanadi. Xususan, 2024 yilning mart va aprel oylarida Afg'oniston savdo vaziri N.Aziziy boshchiligidagi afg'on delegatsiyasi vakillari va Balx viloyati ishbilarmon doiralari Termiz shahriga tashrif buyurib, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va qishloq xo'jaligi, to'qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat va tog'-kon sanoati kabi sohalarda kooperatsiyani kengaytirish maqsadida O'zbekiston tomoni bilan uchrashuv o'tkazdi.
Uchinchidan, Termiz shahrining madaniy-gumanitar salohiyati ham muhim ahamiyat kasb etadi. 2018 yilda O'zbekistonning tashabbusi bilan Afg'oniston fuqarolari uchun ta'lim markazi tashkil etildi. Mazkur ta'lim muassasasi 17 ta oliy ta'lim yo'nalishi hamda 16 ta o'rta maxsus va kasb-hunar ta'limi yo'nalishi bo'yicha faqat afg'onistonliklarga ta'lim beradigan dunyodagi yagona ta'lim muassasasi hisoblanadi. Uning faoliyati davomida Afg'onistonning 700 ga yaqin fuqarosi o'qitilib, ulardan 200 dan ortig'ini qizlar tashkil etadi.
Muassasa BMT Taraqqiyot dasturi, Yevropa Ittifoqi, Germaniya, Slovakiya, Hindiston kabi donor mamlakatlar va xorijiy tashkilotlar bilan xalqaro aloqalar va hamkorlikni faol qo'llab-quvvatlaydi. Jumladan, 2023 yil yanvar oyida ushbu ta'lim muassasasi negizida Afg'oniston fuqarolarini o'qitish va tayyorlash uchun “EI bilim markazi” ochildi (bu hamkorlikda ishlash, o'z-o'zini o'qitish va kasbiy aloqalarni o'rnatish uchun platforma taqdim etuvchi kovorking maydoni hisoblanadi). Umuman olganda, Termiz shahrida Afg'oniston uchun ta'lim markazining tashkil etilishi ushbu mamlakat fuqarolari uchun sifatli ta'lim olish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, kasbiy tayyorgarlik uchun ta'lim muhiti va texnologiyalarni ta'minlash imkonini beradi.
Umuman olganda, barqaror iqtisodiy o'sish va yangi rivojlanish imkoniyatlariga ega bo'lgan, jadal rivojlanayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi o'zining boy resurslari, iqtisodiy jihatdan bir-birini to'ldirishi, demografik salohiyati, umumiy vazifalari va geografik yaqinligi bilan katta salohiyatga ega. Bu borada O'zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlar ikki mintaqani yagona hamkorlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanish makoni doirasida birlashtirishga qaratilgan.
Ushbu jarayonlarda “Termiz maydoni” nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash bo'yicha konstruktiv mexanizm, balki mintaqalar o'rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport aloqalarini rivojlantirishda qo'shimcha vosita bo'lishi mumkin. Shu bilan birga, xavfsizlik masalalari, jumladan, terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi kurashish, shuningdek, transport, turizm va ta'lim sohalaridagi munosabatlarni rivojlantirish har ikki mintaqa uchun hamkorlikning istiqbolli yo'nalishi hisoblanadi.

Gulamov Asliddin Gapparovich,
O'zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi ilmiy xodimi