Rustam Qarshiev-O'zbekiston Respublikasi Suv xo'jaligi vaziri o'rinbosari

Suv – eng muhim hayotiy resurs.
Dunyoda kechayotgan hozirgi globallashuv jarayonida ushbu resursning qadri va qiymati tobora oshib bormoqda.
Vaqtida ta'sirchan choralar ko'rilmasa, suv taqchilligining oqibatlari Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikka jiddiy putur yetkazishi muqarrarligini hisobga olgan holda O'zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan suv xo'jaligi sohasini kompleks rivojlantirish, mavjud suv resurslaridan oqilona foydalanish, jumladan, raqamli va suvni tejovchi sug'orish texnologiyalarini keng joriy etishga alohida e'tibor qaratilib, bu borada natijalarga erishilayapti.


Suv xo'jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo'ljallangan konsepsiyasi tasdiqlandi. Konsepsiya doirasida ma'lum davrga mo'ljallangan strategiyalar qabul qilinib, ijrosi ta'minlab kelinmoqda. Beshta ustuvor yo'nalish bo'yicha 100 ta muhim maqsad aks ettirilgan “O'zbekiston – 2030” strategiyasining
3-yo'nalishi suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga bag'ishlangan.
O'zbekiston foydalanadigan suv resurslarining 90 foizi qishloq xo'jaligi sohasida sarflanadi. Shu bilan birga, mintaqada irrigatsiya tarmog'i eng ko'p rivojlangan va yirik suv xo'jaligi infratuzilmasiga ega davlat hisoblanib, sug'oriladigan ekin maydonlari 4,3 mln gektarni tashkil etadi.
O'zbekiston sharoitida ekinlar asosan egatlab sug'orilgan.
Bu usulda sug'orishda ko'p suv isrof bo'ladi. Muammoning eng maqbul yechimi sifatida suvni tejovchi texnologiyalarga o'tishga qaror qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2019 yildan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash mexanizmlari yo'lga qo'yildi.
Buning natijasida hozirgi kunga kelib, 558,2 ming gektarda tomchilatib, 88,3 ming gektarda yomg'irlatib va 59,2 ming gektarda diskret sug'orish texnologiyalari joriy qilindi. 1,3 mln gektar yerlar lazer qurilmali agregatlar yordamida tekislandi.
Besh yil oldingi holatni tahlil qiladigan bo'lsak, tejamkor sug'orish uskunalari va butlovchi qismlar O'zbekistonga chet davlatlardan olib kelingan. Qisqa fursatda mahalliy sharoitda ishlab chiqarish bazasi shakllantirildi, korxonalar soni 3 tadan
50 taga yetkazildi.
Kelgusi yilda yana 500 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar o'rnatiladi. Yaqin yillarda sug'oriladigan ekin maydonlari suv tejovchi texnologiyalar bilan to'liq qamrab olinadi.
Prezident SH.Mirziyoev tashabbusi bilan “2024 yil – sug'orish tarmoqlarida suv yo'qotishlarini kamaytirish bo'yicha zarbdor yil” deb e'lon qilindi. Davlat byudjetidan katta mablag'lar ajratilib, 1500 km magistral kanallar rekonstruksiya qilinmoqda. Bu ishlarga Xitoy Xalq Respublikasi nufuzli kompaniyalari ham jalb etilgan.
Shu bilan bir qatorda, klaster va fermer xo'jaliklari tashabbuskorligida 13,5 ming km ichki sug'orish tarmoqlari betonlashtirildi. Ushbu tadbirlar kelgusi yilda izchil davom ettiriladi.
Hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sug'orishga
1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. 2017 yilda 2 million gektarga 8,3 milliard kilovatt ishlatilar edi.
2025 yilni suv xo'jaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb belgilab oldik. Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini o'rnatib, 20 foiz elektrni tejash choralari ko'rilmoqda.
Sohani raqamlashtirish suv resurslarini adolatli va shaffof boshqarish imkonini bermoqda. Oxirgi yillarda suv xo'jaligi inshootlarida real vaqt rejimida suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish uchun 13 mingta “Smart Water” (“Aqlli suv”), meliorativ kuzatuv quduqlarida yer osti suvlarini sathi va minerallashganlik darajasini monitoring qilish uchun 15 mingta “Dayver” qurilmalari o'rnatildi. 73 ta yirik suv xo'jaligi ob'ektlarida boshqaruv jarayoni avtomatlashtirildi.
Paxta, sholi kabi ekinlarning kam suv talab qiladigan navlarini yaratish, suvsizlik chidamli ekinlar ekiladigan maydonlarni kengaytirishga e'tibor qaratilmoqda.
Suv resurslarini samarali boshqarish, suvni tejaydigan va raqamli texnologiyalarni joriy qilish, irrigatsiya tarmoqlarini tozalash va betonlash, yerlarni lazerli tekislash, ekinlarni suv manbalaridan kelib chiqib joylashtirish, agrotexnik tadbirlarni o'z vaqtida o'tkazish hisobidan har yili o'rtacha 8 mlrd m3 suv iqtisod qilinyapti.
Suv xo'jaligi sohasida ilm-fan va ishlab chiqarish o'rtasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Xitoy Fanlar Akademiyasining Shinjon Ekologiya va geografiya instituti hamda uning qoshidagi Markaziy Osiyo ekologiyasi va atrof-muhit ilmiy-tadqiqot markazi bilan o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Belostok Milliy texnika universiteti (Polsha) hamda Belarus Milliy texnika universiteti bilan hamkorlikda “Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatini rivojlantirish” konsepsiyasini ishlab chiqishga kelishildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining do'stona va ishonchli aloqalari mintaqamizdagi transchegaraviy suv resurslaridan hamkorlikda foydalanishga mustahkam zamin yaratdi. Qo'shni davlatlar bilan ko'p yillardan buyon yechilmay kelayotgan masalalar hal qilinib, Sirdaryo va Amudaryo havzasida suv ta'minoti darajasini yaxshilash bo'yicha qator ijobiy natijalarga erishilmoqda.
Bugungi kunda O'zbekiston qo'shni davlatlar bilan suv masalalari bo'yicha aloqalarni Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi va Davlatlararo suv xo'jaligini muvofiqlashtirish komissiyasi hamda ikki tomonlama ishchi guruhlar doirasida izchil rivojlantirmoqda.
Bu esa o'z navbatida, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan suv xo'jaligi masalalari bo'yicha ko'plab masalalarni vazirlik va joylardagi tashkilotlar darajasida o'zaro manfaatli va samarali hal etish imkonini bermoqda.
Mamlakatda xalqaro NEXUS Gains hamda Hydro 4U loyihalari amalga oshirilmoqda. Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti Markaziy Osiyo ofisi bilan yaqin hamkorlik yo'lga qo'yilgan.
Suv-energiya-ovqat-ekosistema (WEFE) nekusi Markaziy Osiyoda suv boshqaruvi sohasidagi ijobiy yondashuvlardan biri bo'lib, O'zbekiston bu modelni muvaffaqiyatli joriy etmoqda. Mamlakatdagi innovatsion sug'orish tizimlari va suvni tejash texnologiyalari energetika va ekologik ustuvorlik bilan bog'liq muammolarni hal etishga yordam beradi. Sug'orishning samarali usullari, suvni tejab, barqarorlikni ta'minlagan holda, umumiy mahsuldorlikni oshirishga olib kelmoqda.
O'zbekiston Integratsiyalangan Suv Resurslarini Boshqarish (IWRM) tashabbuslari orqali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda va ICWC hamda IFAS kabi muhim platformada faol ishtirok etmoqda. Mahalliy jamoalarni jalb qilish orqali barqaror va inklyuziv suv boshqaruvini ta'minlashga katta e'tibor berilmoqda.
Soha rivoji bilimli kadrlarga bog'liq. Har yili 500 nafardan ziyod oliy ma'lumotli mutaxassislar tizim tashkilotlariga ishga qabul qilinmoqda. 2024 yilda 1 700 nafardan ortiq rahbar va mutaxassislarning malakasi oshirildi.
2023 yilda “Suvchilar maktabi” tashkil etildi. Respublikaning har bir hududida zamonaviy o'quv xonalari hamda ilg'or suv tejovchi texnologiyalar qo'llaniladigan tajriba maydonlari tashkil etilib, 70 mingdan ortiq fermer xo'jaligi rahbarlari va suv xo'jaligi xodimlari qisqa muddatli kurslarda o'qitildi.
Suv ulug' ne'mat, suvchilik savobli kasb. Shuni dildan his etgan o'zbekistonlik suvchilar bir yoqadan bosh chiqarib, bir jonu bir tan bo'lib mehnat qilishayapti. Yangi O'zbekiston taraqqiyotiga o'z hissalarini qo'shmoqdalar.