OKIL SALIMOV

Oqil Salimov, akademik

Insoniyat tarixining turli davrlarida dunyo xalqlari ulkan taraqqiyot, buyuk siljishlar va keskin ko'tarilish hodisalariga guvoh bo'lgan. Kishilik taraqqiyoti dinamikasidagi rivojlanish va tanazzullar mohiyati har bir davr odamlari tafakkuri mahsuli sifatida yuzaga kelgan, deyish mumkin. Zotan, inson aql va tafakkur, qalb va hissiyot olami orqali o'z hayotini o'zi yo'lga qo'yadi.Turmushning saodatli damlarining ham, qayg'uli va tanazzul holatlarining ham bosh muallifi uning o'zi. Faqat butun xalq hayotida, ma'lum bir jamiyatda umumiy safarbarlik, tafakkurdagi keskin burilishlar, aqliy salohiyatning qudratli kuchi namoyon bo'lgan paytda hayot mazmuni boyiydi, turmush darajasi ko'tariladi.Jamiyat taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo'yiladi. Bunday yuksalishlar hodisasi umumiy manfaat atrofida birlashgan, o'z taqdirini jamiyat taqdiri bilan bog'liq holda his qilgan, “Shu yurt meniki, shu makon menga ajdodlarimdan qolgan buyuk meros.

Uning taqdiriga men javobgarman”, degan tuyg'u qalb hayqirig'iga, vijdon va imon chaqirig'iga aylansagina yuz beradi.Yangi O'zbekistonning taraqqiyot bosqichi xalq va prezident, jamiyat va davlat o'rtasidagi mushtaraklikdan, maqsadlar birligidan, istiqbolga intilishning uyg'unligidan kelib chiqmoqda. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, har qanday umummilliy taraqqiyot maqsadlar mushtarakligidan kelib chiqadi. Ulug' maqsadlar esa kelajakka qat'iy ishonch, o'tayotgan kunidan mamnuniyat, ertaga bugungidan ko'ra farovonroq yashashga imon keltirgan jamiyatdagina yuzaga keladi. Prezident Shavkat ¬Mirziyoevning sof insoniy siyosati ayni ana shu maqsadlar mushtarakligi va istiqbolga intilishning uzviyligidan kelib chiqadi.

Insoniyat tarixi shundan dalolat beradiki, qachonki millat o'zligini anglay boshlasa, har bir fuqaro o'zining insoniy fazilatlarini to'liqroq namoyon etib, o'zini o'zi qadriyatga aylantira boshlasa, milliy Uyg'onish hodisasi yuz beradi, taraqqiyotning yangi bosqichi boshlanadi. Chunki odamlar qalbi va ongida ¬ma'naviy-ruhiy yangilanishlar, qadriyat evrilishlari, hayot mohiyatini chuqur his qilish tuyg'ulari kurtak otadi. U yangicha hayotga, saodatli kelajakka, barqaror va farovon turmushni yo'lga qo'yishga ichki ishtiyoq sezadi. Ana shu ishtiyoq hissi o'z-o'zidan insonda yaratuvchilik, bunyodkorlik, ijodkorlik qobiliyatini rivojlantiradi. Natijada jamiyatda yalpi sakrash hodisasi yuz beradi.

Buyuk taraqqiyot evrilishlarini ko'rgan, bir emas, ikki marta Renessans hodisasiga guvoh bo'lgan, insoniyat hayotiga madaniyat olib kirgan O'zbekiston xalqi bugun yangi tarixiy sharoitlarda butunlay yangi taraqqiyot yo'liga chiqmoqda. Yangi O'zbekistonning butun mohiyati, davlat va jamiyat sifatidagi qadriyati, O'zbekiston xalqining intellektual salohiyati va buyuk kelajakka bo'lgan qat'iy ishonchi bunga asos bo'lmoqda. Zotan, buyuk maqsad bilan yashaydigan inson buyuk shaxsga aylanadi. Oliy maqomdagi maqsadlar va ezgu istaklar bilan yashayotgan millat esa buyuk millatga aylanadi. O'zining aqliy salohiyatini, yaratuvchilik va ijodkorlik qudratini umummilliy taraqqiyotga sarflagan xalq ulug' natijalarga erishadi.

Yangi O'zbekiston o'z tarixiy taraqqiyoti davrida yangicha tafakkurga asoslangan turmush tarzini yo'lga qo'ymoqda. Uchinchi Renessans g'oyasi ana shu evrilishlar, yangilanishlar oqimida yangi Uyg'onish davrining sarchashmasi bo'lmoqda. Uning umum¬¬planetar mohiyati, umumxalq e'tirofi va O'zbekiston fuqarolarining butunlay yangilanayotgan tafakkur tarzi yangi taraqqiyotga asosdir. Demak, Renessans umummilliy maqsadlarni, intilishlarni o'zida mujassam etgan tizimga ega bo'lmoqda.

Yangi O'zbekiston tushunchasi umumjamiyat va umumdavlat mazmunini kasb etmoqda. Millatidan, elatidan, kasbu koridan, diniy e'tiqodi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, O'zbekiston xalqining qalb da'vatiga, g'ururiga va iftixoriga aylanib bormoqda. Shuningdek, O'zbekiston davlatining jahon hamjamiyatidagi milliy manfaatlarini o'zida ifoda etayotgan qadriyatga ega bo'lmoqda. Yangi O'zbekiston fuqarosi degan shonli, sharafli va shukuhli unvonga, uning butun mazmuniyu mohiyatiga daxldor bo'lgan hodisani anglatmoqda. U har bir O'zbekiston fuqarosini umumiy safarbarlikka, yalpi bunyodkorlikka, keng ko'lamli ijodkorlikka da'vat etadigan qudratli va saodatli e'tiqodiga aylandi. Bu esa o'z-o'zidan xalqimiz tarixidagi yangi davrni boshlab berishi shubhasiz. Chunki hozirgi sharoitda Yangi O'zbekiston xalqi o'z intilishlari va qadriyat mo'ljallarini, barqaror va saodatli kelajagini jahon hamjamiyatida o'zining mahobatini ko'rsatib kelayotgan davlati timsolida ko'radi va shunday tushunadi. Bu o'z-o'zidan millat istiqbolini, buyuk maqsadi va yorqin taqdirini o'zida ifodalaydigan qadriyatdir.

Prezident Shavkat Mirziyoevning sof insoniy siyosati har bir fuqaroning qalbi, his-tuyg'ulari, sha'ni, qadru qimmati, mavjudligi va ezgu maqsadlarini o'zida ifoda etgan. U xalq qalbining nidosiga, vijdonining aks sadosiga, imonining hayqirig'iga aylanmoqda.

Biroq shuni alohida ta'kidlash kerakki, keng miqyosli millat va davlat manfaati bilan bog'liq bo'lgan mahobatli sakrash jarayonining yuzaga kelishi oson emas. U har birimizdan o'zimizni anglashimizni, o'zimizni o'zimiz qadriyatga aylantirishimizni taqozo etadi. Nuqsonlarimizni kamaytirib, fazilatlarimizni ko'paytirib, ma'naviy va ruhiy tozarish kabi murakkab jarayonga tayyorlanishimiz zarur. Insonning uzluksiz, doimiy ravishda o'zini o'zi nazorat qilib borishi, o'zini o'zi boshqarishi, yo'naltirishi, da'vatkorlik va tashabbuskorlik tuyg'ularini jonlantirishi kabi ulkan ma'naviy, ma'rifiy, axloqiy iroda bilan bog'liq.

To'g'ri. Keyingi yetti yil jamiyatda ijtimoiy fikrni keskin o'zgartirib yubordi. Davlatimiz rahbari butunlay yangi tarixiy sharoitlarda yangi tipdagi O'zbekiston fuqarolarining vujudga kelishiga erishdi. Odamlarda dunyoqarash, hayotga munosabat o'zgardi. Ularda yaratish, bunyod etish, o'z baxtli-saodatli kelajagini yaratish hissi kuchaydi. Biroq bu yetarli emas. Kuzatishlarimga ko'ra, hamon mustamlakachilik davrida qon-qonimizga singib ketgan, vujudimizdan, qalbimiz va ruhiyatimizdan mustahkam o'rin olgan befarqlik, loqaydlik illatlaridan qutulolganimiz yo'q.

Tobelik, mutelik, qo'rquv va hadik sindromlari bizning to'la ma'nodagi fuqarolik mas'uliyatimizni anglashimizda monelik qilmoqda. Tepsa tebranmaslik, “Olma pish, og'zimga tush” qabilidagi boqimandalik, maishiy hayotimizdagi ayrim yetishmovchiliklar uchun jamiyatni aybdor qilish singari illatlar jismu jonimizda hamon yashamoqda. Vaholanki, mustaqil taraqqiyot davrida, Yangi O'zbekiston sharoitida “Jamiyat menga nima berdi?” deb emas, balki “Men jamiyatga nima berdim?” degan adolatli savolga javob bera olishimiz zarur.
Ulug' donishmandlardan biri “Dushmaningdan qo'rqma. Zo'r bo'lsa, seni o'ldiradi. Do'stingdan qo'rqma. Manfaat to'g'ri kelganda sotqinlik qiladi. Befarqlardan, loqaydlardan qo'rq. Befarqlik va loqaydlik mavjud ekan, o'lim va sotqinlik tahdid qilaveradi”, degan ekan. Bu bir odam taqdiri va hayoti bilan bog'liq bo'lgan hikmatli gap. Befarqlik, loqaydlik, boqimandalik illatlari jamiyat hayoti bilan bog'liq bo'lsa-chi? Endi u yana ham xatarliroq mazmun kasb etadi. Zotan, loqaydlar, befarqlar, boqimandalar taraqqiyot dushmani. Ular jamiyat qonini so'rib yashaydigan hasharot.

Ma'rifatli inson har qanday sharoitda o'zini o'zi himoya qila oladi, asray biladi. Hozirgi qaltis dunyoda esa faqat ma'rifatli jamiyatgina o'zining barqaror taraqqiyotini ta'minlaydi. O'zini o'zi asray biladi. Turli tashqi g'oyaviy tajovuzkorlarga, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy tahdidlarga munosib javob beradi. Demak, jadidchi alloma Abdulla Avloniyning “Ma'rifat – shijoatdur. Ma'rifatli kishi shijoatli bo'lur”, deganida ko'p hikmat bor.

Prezident Shavkat Mirziyoev hozirgi jadal taraqqiyot muammolari va ularni hal etish konsepsiyalarini ishlab chiqar ekan, jamiyatning yalpi savodxonlik darajasini oshirish, ma'rifatli jamiyat qurish g'oyasini ilgari surmoqda. Darhaqiqat, ma'rifatli jamiyatgina har qanday taraqqiyotga erisha oladi. Ma'rifatli xalq tarixiy rivojlanish yo'nalishlarini bexato belgilaydi.

Ana shu g'oyat og'ir va iztirobli holatdan kelib chiqib, davlatimiz rahbari Surxondaryo viloyatiga qilgan safari chog'ida ko'nglini ochdi. Dunyoda manfaatlar to'qnashuvi avj olayotgan, katta davlatlarning dunyoga egalik qilish istagi kuchayib borayotgan bir sharoitda ularning birontasiga ham yon bermay, o'zining mustaqil konsepsiyasini aniq, lo'nda qilib ochiq aytdi: “Men uchun hamma narsadan ortiq O'zbekiston manfaati. Millatim, xalqim, buyuk O'zbekistonim manfaati uchun jonimni berishga tayyorman”, dedi. Bu Prezidentning davlat rahbari sifatida ham, oddiy fuqaro sifatida ham qalb da'vati edi. Darhaqiqat, biz ana shunday murakkab zamonda yoshlarimizning aniq hayotiy va siyosiy pozitsiyaga, mustahkam g'oyaviy maqsadga ega qilib tarbiyalashimiz kerak.

Zotan, davlat va xalq manfaati har narsadan ulug'. Davlatga va millatga mansublik har bir kishi uchun sharaf! Bizning har birimiz o'zimizning mavjudligimizni, qadru qimmatimizni, sha'nimizni davlat va millat timsolida ko'rsak, uni qadriyatga aylantira olamiz. Ana shunday fe'l-atvor va fuqarolik fazilatiga ega bo'lsagina, bu notinch dunyoda Yangi O'zbekiston degan mo''tabar xonadonimizni, mahobatli oilamizni asray olamiz.

Fidoyilik, vatanparvarlik, xalq va davlat manfaati uchun har narsaga tayyor turish fazilati haqida gap borar ekan, ulug' davlat arbobi Amir Temurga murojaat qilish va undan o'rganish maqsadga muvofiq, deb o'ylayman. Darhaqiqat, Sohibqiron “Azmu jazm bilan ish tutdim. Biron ishni qilishga qasd qilgan bo'lsam, butun zehnim, vujudim bilan bog'lanib, bitirmagunimcha undan qo'limni tortmadim”, degan edi.

Men katta hayotiy va amaliy tajribaga ega bo'lgan inson sifatida Prezident Shavkat Mirziyoevning xalq va davlat manfaati uchun har narsaga tayyorligi, butun aqlu zakovatini, kuch-g'ayratini va boshqaruv salohiyatini ishga solib, qat'iy maqsad va katta iroda bilan ishlashida Amir Temur sabog'ini ko'raman. Bu, albatta, havas qilgulik hodisa. Undan yoshlarimiz ibrat olishi, Prezidentimiz sabog'ini muntazam o'rganishi lozim, deb o'ylayman.

Davlatimiz rahbarining odamlar orasida yurishi, fuqarolar bilan ochiq, yuzma-yuz muloqot qilishi, ularning kundalik tashvishu sevinchlariga sherik bo'lishi jamiyatda sog'lom va ishonchli ijtimoiy-siyosiy vaziyatning chuqurlashishiga olib kelmoqda. Bunday fazilat haqida gap borar ekan, Sohibqiron Amir Temur “Ochiq yuzlilik, rahm-shafqat bilan xalqni o'zimga rom qildim. Adolat bilan ish yuritib, jabr-zulmdan uzoqroq bo'lishga intildim”, degan edi. Prezident Shavkat Mirziyoevning xalqchil siyosatida, uning fe'l-atvoridagi odamoxunlikda katta samimiyatni, o'z xalqiga mehr-muhabbatni, unga chin qalbdan xizmat qilish istagini ko'raman. Bunday fazilat insonning qalbida bo'lmasa, qon-qonidan, ming bir hujayrasidan sitilib chiqmasa, tabiiy bo'lmaydi. Shavkat Mirziyoevning inson, fuqaro va davlat arbobi sifatidagi fazilati uning xatti-harakatlari, muomalasining o'ta samimiy va soddaligida. Takror aytaman, bu qalbning tozaligidan, ruhiyatning sofligidan kelib chiqadi.

Yoshlarning estetik va badiiy saviyasini oshirish, san'at bilan shug'ullanishiga keng yo'l ochib berish, ular orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, zamonaviy kompyuter texnologiyalarini chuqur o'rgatish orqali taraqqiyotni jadallashtirish, yosh onalar va ayollarga keng sharoit yaratib berish orqali millatning mustamlakachilik yillarida yuzaga kelgan genotsidga uchrashi xavfining oldini olish, uning -genofondini sog'lomlashtirish, irsiy asoslarini tozalash orqali Yangi O'zbekistonning buyuk kelajagiga zamin yaratish singari g'oyat insonparvar siyosat yotadi.

Tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlarni yanada rivojlantirish, ishlab chiqarishni fan asosida qayta qurollantirish, yangi innovatsion texnologiyalarni uzluksiz ravishda joriy etish taraqqiyotning asosi. Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoevning boshqaruvni ixchamlashtirish konsepsiyasi va maxsus qarori g'oyat keng qamrovli hamda o'ta samarali hodisa. Biroq biz suhbatimiz mavzusiga, inson va jamiyat taraqqiyotiga daxldor bo'lgan ta'lim va fan sohasidagina gapiramiz.

Darhaqiqat, ta'lim va fanni samarali boshqarish, bu sohadagi ortiqcha rasmiyatchilik, to'rachilik, sun'iy to'siqlarga barham berish maqsadida Oliy ta'lim, fan va innovatsiya vazirligi singari yangi tizimning yaratilgani, ilmiy darajalar beruvchi Oliy attestatsiya komissiyasining uning tarkibiga qo'shib yuborilgani katta siyosiy, ma'naviy, ma'rifiy va ijtimoiy ahamiyatga ega.

Oliy ta'lim, innovatsiya, fan va ilmiy darajalar berish masalalarini bitta muassasada, bir javobgar shaxs nazoratida hal etilishi soha samaradorligini oshiradi, sog'lom, ishonchli ilmiy muhitni vujudga keltiradi. Bu iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash, oliy ta'limdan keyingi ta'lim samaradorligini va sifatini oshirish, ilmiy darajalar berish tizimini soddalashtirish orqali tadqiqotchilarni ma'naviy va ruhiy rag'batlantirish imkonini beradi. Afsuski, ushbu qaror hali-hamon amalga oshirilgani yo'q.

Zamonaviy mutaxassislarning o'z sohasini chuqur o'zlashtirishi bilan birga, ularni tom ma'nodagi Inson, barkamol Shaxs qilib yetishtirish zarur. Sharq ta'limotiga ko'ra, oldin Odam, keyin mutaxassis bo'lish lozim. Bunda, albatta, ijtimoiy fanlarning roli va ahamiyati nihoyatda katta. Buyuk o'tmishimizga nazar solaylik. Xalqimiz tarixidagi ikkita Uyg'onish davri — Renessans hodisasi yuz berishiga benazir hissa qo'shgan Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchi va o'nlab, balki yuzlab buyuk ajdodlarimiz aniq va tabiiy fanlarda qanchalik olamshumul kashfiyotlar qilgan bo'lsa, tarix, sotsiologiya, demografiya, antropologiya, psixologiya, huquqshunoslik, tilshunoslik, falsafa, mantiq va ijtimoiy fanlarning boshqa yo'nalishlarida ham xuddi shunday ixtirolar qilgan. Shu bilan birga, o'z davrining mashhur shayxulislomlaridan kam bo'lmagan darajada tasavvuf falsafasining yangidan-yangi qirralarini ochgan. Ayni ana shu Renessans hodisasi davrlarida yuksak axloq, ma'rifat, adolat va haqiqat yuksak darajada tantana qilgan.

Demak, har qanday tor sohaning noyob mutaxassisi bo'lishimizdan qat'i nazar, eng avvalo, inson bo'lishimiz zarurligini hayotning o'zi taqozo etmoqda. Buning uchun esa aniq va tabiiy fanlar bilan parallel ravishda ijtimoiy-gumanitar fanlarni mumkin qadar ko'proq o'qitish zarur. Ana shunda to'la kvalifikatsiyadagi oliy ma'lumotli tor mutaxassislik sohibining falsafiy tafakkuri kengayadi, mantiqiy fikrlaydi, xulosalarini ravon, jozibali qilib tushuntira oladi. Bugungi keng miqyosli islohotlar mohiyatini, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar mazmunini chuqur tushunadigan, ularni xolis baholaydigan, g'oyaviy yetuk, jamiyatning qat'iyatli, butunlay yangi elita qatlami shakllanadi. Millatni kemiradigan, uni tanazzulga olib keladigan xurofot, bid'at, jaholat, barham topadi.

O'tmishi buyuk xalqning kelajagi ham buyuk bo'lishi shubhasiz. Zotan, oqqan daryo oqaveradi. O'zbek xalqi o'z o'tmishi bilan, insoniyat taraqqiyotiga qo'shgan munosib hissasi bilan faxrlanadi. U kishilik jamiyati rivojlanishining butunlay yangi o'zanlarini ochib bergan ulug' xalq. Yangi O'zbekistonda ana shu mahobatli tarixiy tajribani davom ettirish jarayoni boshlandi.