z.nizamhodjayev2021 yil 25 oktyabr

soat: 16:00

Aziz Vatandoshlar!

Hurmatli anjuman ishtirokchilari! 

Xonimlar va janoblar! 

Kecha, 24 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti  saylovi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro mezonlar va standartlarga mos milliy saylov qonunchiligimizga, unda belgilangan ochiqlik, oshkoralik, erkinlik va adolat kabi umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarga to‘la mos holda, ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Bugun xalqchil va demokratik tamoyillarga asoslangan Yangi O‘zbekiston o‘tmish ajdodlarining tarixiy an’analarini davom ettirib va yanada boyitib, har tomonlama muttasil rivojlanayotgan zamonaviy davlat sifatida butun dunyoning e’tiborini tortmoqda.

Kuni kecha o‘tgan Prezident saylovi xalqimiz yuksak tafakkuri va donishmandligining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Ushbu saylov Yangi O‘zbekistonda barcha sohalarda, jumladan, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan izchil va jadal islohotlarning uzviy davomidir.

Beshta siyosiy partiya va ularning nomzodlari o‘rtasida ryeal raqobat muhitida o‘tgan Prezident saylovi O‘zbekistonda erkinlik va  dyemokratiya amalda mustahkamlanib borayotganining yorqin namoyishidir!

So‘nggi besh yil mobaynida mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro ekspertlar ta’kidlaganidek, Yangi O‘zbekistonda saylov qonunchiligini izchil takomillashtirish hamda saylovlarni o‘tkazish amaliyoti sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarildi.

Bu galgi Prezident saylovi ilk bor 2019 yilda qabul qilingan Saylov kodeksi asosida o‘tdi.

Saylov qonunchiligiga joriy yilning 8 fevral va 31 may kunlari kiritilgan o‘zgartishlar va qo‘shimchalarga binoan, eng avvalo, saylov jarayoni ishtirokchilari, ya’ni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axorot vositalari hamda kuzatuvchilarning huquqlari va kafolatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi yanada takomillashtirildi.  

Barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini Saylov kodeksi talablari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi hamda Kalendar rejasiga binoan, qonuniylik, mustaqillik, xolislik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga to‘la amal qilgan holda tashkil etdi.

Siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar uchun saylov kampaniyasi davrida saylovoldi  tashviqoti uchun teng va keng imkoniyatlar yaratildi.

Saylov uchastkalarida pandemiya sharoitida aholi salomatligini ishonchli muhofaza qilish, saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratildi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, ayni kuz fasli bo‘lishiga qaramay, saylov kuni ona O‘zbekistonimizning barcha hududlarida, Yaratganning inoyati bilan,  mayin ko‘klam quyoshining charaqlab turgani ham saylovchilarimizga bahoriy kayfiyat, ko‘tarinki ruh va ulkan ishonch bag‘ishladi. Fuqarolarning saylovda faol va erkin ovoz berishida muhim omil bo‘ldi. 

Ayni paytda, saylovchilarning bu faolligi joriy yilda milliy saylov qonunchiligimizga xalqimiz bilan bamaslahat kiritilgan o‘zgartirishlarga binoan saylov kunining qorli-qirovli sovuq dekabridan mutadil oktyabr oyiga   ko‘chirilishi g‘oyat  to‘g‘ri ish bo‘lganligining amaldagi yana bir dalolatidir. 

Prezident saylovini nufuzli xalqaro tashkilotlar, jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotning Parlament Assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi va MDH Parlamentlararo Assambleyasi, Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy kengash Parlament Assambleyasi hamda Islom hamkorlik tashkiloti kabi yigirmaga yaqin xalqaro tashkilotlardan va ellikka yaqin xorijiy davlatlardan jami mingga yaqin  xalqaro kuzatuvchi hamda 1 ming 672 nafar mahalliy va xorijiy mamlakatlarning yirik ommaviy axborot vositalarining vakillari bevosita kuzatib va yoritib bordi.

Xalqaro kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalarining bunday keng ko‘lamli ishtiroki O‘zbekistonda o‘tgan saylovlar tarixidagi rekord ko‘rsatkichdir.

Shuningdek, saylovda ishtirok etgan beshta siyosiy partiyalardan va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 64 ming 450 nafar vakillar saylovni bevosita kuzatib bordi.

O‘zingiz guvoh bo‘ldingiz, birinchi marta mamlakatimizning tuman va shaharlaridagi 207 ta saylov uchastkalariga o‘rnatilgan 414 ta videokameralar orqali uzatilgan onlayn translyasiyani millionlab odamlar kuzatib bordi.

Shuningdek, minglab saylov uchastkalaridan jurnalistlar tomonidan tele- va radio, foto reportajlar, intervyular va xabarlar muntazam uzatib turildi. Internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlar orqali butun dunyoga namoyish qilindi.

Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi va uning viloyatlardagi bo‘limlarida saylov jarayonining barcha ishtirokchilari uchun keng media-maydon yaratildi. Ularda yuzlab matbuot anjumanlari, brifinglar, intervyular, uchrashuvlar o‘tkazildi.

Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rahbarlari, Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, Ichki ishlar, Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirlari, okrug saylov komissiyalari raislarining axborotlari tinglandi.

Saylov kampaniyasiga start berilgan kundan buyon xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida jami 76 mingdan ortiq materiallar e’lon qilindi.

Hurmatli matbuot anjumani qatnashchilari!

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilingani va izchillik bilan amalga oshirilgani saylovlarni qonun talablari asosida, yuksak tashkiliy darajada o‘tkazishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etdi.

Bu yilgi Prezident saylovining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri – bu saylovchilarimizning fuqarolik mas’uliyati, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarga daxldorlik tuyg‘usining yanada oshganligi bilan bog‘liq.

Saylov O‘zbekiston xalqining yuksalib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yana bir bor yaqqol namoyon etdi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 158 ming 907 nafar saylovchilardan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida chet ellarda ovoz bergan vatandoshlarimiz bilan birga hisoblaganda 16 million 212 ming 343 nafar saylovchi ishtirok etdi. Bu saylovchilar umumiy sonining 80,4 foizidan iboratdir. 

421 ming 176 nafar saylovchi joriy yilning 14 oktyabrdan 20 oktyabrgacha o‘tkazilgan muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi. 

Saylovda konsullik ro‘yxatida turgan turmaganligidan qat’i nazar xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun 37 ta davlatda tashkil etilgan 54 ta saylov uchastkasida ovoz berish imkoniyati yaratildi. Avvallari faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro‘yxatdan o‘tgan O‘zbekiston fuqarolarigina saylovlarda qatnashardi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov o‘tkazuvchi saylov uchastkalarining barchasida saylov byulletenlari sanab chiqildi.

Siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlar saylovchilarning quyidagi miqdordagi ovozini oldi:

 

O‘zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan nomzod Bahrom Abdurahimovich Abduhalimov – 3,4 foiz;

O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Narzullo Naimovich Oblomuradov – 4,1 foiz;

O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan nomzod Alisher Keldiyevich Qodirov – 5,5 foiz;

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maksuda Azizovna Varisova – 6,6 foiz;

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev – 80,1 foiz;

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ko‘ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini, ya’ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod Prezident etib saylangan, deb hisoblanadi.

Ushbu ma’lumotlarga tayanib, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning eng ko‘p – 80,1 foiz ovozini olib, ishonchli g‘alaba qozonganini va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini mamnuniyat bilan ma’lum qilamiz.

Markaziy saylov komissiyasi nomidan Shavkat Miromonovichni bu yorqin g‘alaba bilan samimiy muborakbod etishga ijozat etgaysizlar!

Xalqning ishonchini, mehrini qozonish inson uchun eng oliy saodatdir!

Biz Shavkat Miromonovichni eng oliy martaba va  ana shunday oliy saodatga musharraf bo‘lgani  bilan chin dildan yana bir bor qutlaymiz!

Prezidentlikka o‘tkazilgan saylov bo‘yicha saylovga doir qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi holatlari haqida xabar va ma’lumotlar tushmadi. Lekin, Markaziy saylov komissiyasiga saylovchilar va ijtimoiy tarmoqlardan saylovlarni o‘tkazish jarayoniga doir holatlar bo‘yicha muayyan murojaatlar kelib tushdi.

Ularning barchasini qonunda ko‘rsatilgan muddat va tartiblarda ko‘rib chiqish va hal etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. 

Hozirgi vaqtda Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan bayonnomalar hamda boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqmoqda

Markaziy saylov komissiyasi faqat shundan so‘ng Prezident saylovi yakunlari to‘g‘risida qaror qabul qiladi

So‘zimning oxirida xalqimizni tinchlik-xotirjamlik, ahillik va real raqobat muhitida  o‘tgan demokratik saylovda o‘z Liderini erkin saylagani bilan yana bir bor tabriklar ekanman, dunyodagi eng osoyishta, eng barqaror va eng gurkirab rivojlanayotgan mamlakatlardan biri sifatida tan olingan Yangi O‘zbekistonimizga hech qachon ko‘z tegmasin, deyman!

Prezident saylovini ochiq, oshkora va shaffof o‘tkazishda ko‘rsatgan faolligi uchun barcha ommaviy axborot vositalari vakillariga yana bir samimiy minnatdorlik bildiraman!

E’tiboringiz uchun rahmat!