Rasuljon Kamolov -“Yangi O'zbekiston” muxbiri

Joriy yilning 12-24 may kunlari usta kulollar yurti — Rishtonda Turkiy xalqlar hunarmandligi forumi va “Kulollar sayli” milliy kulollik mahsulotlari ko'rgazma-savdosi bo'lib o'tadi.
Oddiy tuproqdan mo''jiza yaratayotgan rishtonlik kulollar mehnati asrlar davomida dunyoni rom etib keladi. Mahsulotlar o'ziga xos ko'rinishi, tabiiy va qalampir nusxali tilsimiy naqshlarga boyligi bilan ajralib turadi. Keyingi yillarda kulollik an'analarini rivojlantirish, usta kulollar uchun munosib mehnat sharoiti yaratish, ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulot turlarini ko'paytirishga e'tibor oshdi. O'tgan yilning o'zida bu yerda umumiy qiymati 1 million 460 ming AQSh dollarilik kulollik mahsulotlari dunyo bozoriga eksport qilindi.

Moziyga nazar

Rishton Buyuk ipak yo'lining Farg'ona vodiysidan o'tuvchi qismidagi qadim kentlardan. Shahar nomi qadimiy so'g'dchadagi “rash” (“rush”, “rushi”), ya'ni “qizil yer” so'zidan paydo bo'lgan. Zero, bu yerning tuprog'i rangi qizil edi. O'rta asrlarda Xitoy, Hindiston, Eron va Yaqin Sharq karvon yo'llari chorrahasida joylashgan Rishton tez sur'atlarda rivojlanib, Buyuk ipak yo'lida asosiy to'xtash joyi hamda savdo-sotiq markaziga aylangan. XIV asrda ko'plab kulollar Amir Temur avlodlarining buyuk qurilishi loyihalarida ishtirok etish uchun Samarqandga ko'chib ketishgan. Biroq temuriylar sulolasi inqirozi qadim hunar rivojiga ham salbiy ta'sir ko'rsatgan.
XVIII asrdan shahar qayta tiklangan va XIX asr o'rtalarida hudud sirlangan idishlar ishlab chiqarish bo'yicha yirik markaz maqomini qayta tiklagan.
O'rta asrlarda yo'qolib ketgan ganch-chinni ishlab chiqarish texnikasini XVIII asrda qayta tiklagan aka-uka Abdujalol (usta Abdujalol, usta Jalil) va Abdujamil (usta Abdujamil, usta Kuri) o'z ishining buyuk ustalari bo'lgan. Kulollar chinni pishirish usulini Koshg'ar va Erondan o'zlashtirgan. Ularning shogirdi – yetuk chinnipaz Abdulla kulol (1797-1872) rishtonlik barcha kulollar uchun usta-oqsoqol hisoblanadi.
XIX asrning 70-yillarida usta Abdulla kulol boshchiligidagi Rishton hunarmandlari Said Muhammad Xudoyorxonning Qo'qondagi saroyi – O'rdani bezash ishlarida faol qatnashgan. Ularning chinnipazlik va koshinpazlik san'ati Qo'qon xoni tomonidan yuqori baholangan.
Etnograflarning ta'kidlashicha, XIX va XX asr boshlarida Rishtonda 80 ta ustaxona faoliyat yuritgan. 1918 yilda“Chinnigaron” deb nom olgan birinchi kulollik arteli tashkil etilgan. 1927 yilda bu artelga “Yangihayot” nomi berilgan. 1960 yilda artel Rishton sopol ishlab chiqarish zavodi tarkibiga kirgan.
Rishton kulollari mahalliy xomashyodan sopol idish yasagan va ularni moviy hamda zangori ranglar bilan bezagan. XIX asr oxiriga kelib Rishton O'rta Osiyoda sirlangan sopol idishlar ishlab chiqaruvchi yirik markazlardan biriga aylandi. 1990 yilda Rishton sopol idishlari Parijda o'tkazilgan xalqaro ko'rgazmada namoyish etildi. Fransuzlar Rishton sopolini Yevropaning eng mashhur sirlangan idishlari bilan taqqoslab, u ko'hna qit'a sopoli bilan bellasha olishini e'tirof etishdi.


Sulola davomchilari

Qariyb sakkiz yuz yillik tarixga ega kulollik an'analari asrdan asrga bobomeros hunar sifatida sayqal topib, rivojlanib kelmoqda. Bunda jannatmonand go'shaning asl farzandlari, usta kulollarning hissasi beqiyos.
Rishton kulollik buyumlari, miniatyuralari san'at shaydolari orasida katta shuhrat qozongan. Hech bir hududning kulollik namunalariga o'xshamaydigan san'at asarlari AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Polsha, Shvetsiya, Iroq, Eron, Misr kabi mamlakatlarda bo'lib o'tgan xalqaro ko'rgazma va yarmarkalarda namoyish qilib kelinadi.
Usta Ibrohimjon Komilov, Bobojon Nishonov, Hakimjon Sattorov, Rustamjon Usmonov, Alisher Nazirov, Sharofiddin Yusupov, Tohirjon Haydarov, Ravshan Tojiddinov, Shokir Ahmadjonov, Saidjon Ahmedov, Bunyod Yunusov singari mashhur kulollar yaratgan mahsulotlar ko'rinishi, tabiiy rang-tasvirlarga boyligi bilan barchani hayratga solib kelmoqda.
“R Plyus Koron” MCHJ rahbari, mohir kulol Ravshan Tojiddinov rahbarligida chorak asr muqadam oddiy idish-tovoqlar tayyorlash bilan ish boshlagan korxona bugun yirik kulollik markaziga aylandi. Ravshanjon kulollar sulolasi davomchilaridan. Uning bobosi, otasi usta kulol bo'lib, oila tebratgan, halol mehnat bilan qadr-qimmat topgan. Yosh kulol bobomeros hunarga o'ziga xos jilo, sayqal berib, maftunkorligi, jozibadorligini oshirishga munosib hissa qo'shib kelmoqda. Uning rahbarligida dastlab to'rt-besh chog'li kulolning boshini bir joyga jamlab ish boshlagan korxonada bugun yuzdan ortiq mahalliy yosh 300 turga yaqin nafis va betakror kulollik buyumlari, koshin va naqshlar tayyorlash bilan band.
Ko'rgazma zalidan o'rin olgan tayyor buyumlar namunalari bilan tanishgan kishi oddiy tuproqdan yaratilgan mo''jizalar qarshisida lol qoladi. Balandligi 2 metr 70 santimetr bo'lgan ulkan ko'za, diametri 1 metr 20 santimetr, bir vaqtning o'zida 40 kilogramm osh sig'adigan katta tovoq va boshqa kulollik namunalari hayrat va havasingizni oshiradi. Bu sopol buyumlarni qo'lga olib chertsangiz, undan taralgan sehrli sas misoli kuyga aylanib, uzoq vaqt quloqlaringiz ostida jaranglab turadi.
— Dunyo kulollari jamlanayotgan festivalga alohida hozirlik ko'ryapmiz, — deydi Ravshanjon Tojiddinov. — Mehmonlar mahsulot tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'ladi. Har bir mahsulotni yaratish kuloldan alohida mehnat va sabr talab etadi. Oddiy kosa tayyor holga kelguncha o'n ikki bor qo'ldan qo'lga o'tadi. Shu bois, bu hunar tufayli yaratilgan buyumlar benazir va takrorlanmas san'at asari sifatida qadrlanadi. Mahsulotlarimiz nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham o'z o'rnini topib bormoqda. Ayni kunlarda Isroil, Rossiya, Italiya, Janubiy Koreya va yaqin qo'shni mamlakatlarga mahsulot eksport qilyapmiz. Bo'lib o'tadigan kulollar sayli xalqaro aloqalarimizni yanada kengaytirish, mahsulot turlarini ko'paytirish, dunyo kulollari bilan tajriba almashish imkoniyatini beradi.
12 yoshidan sermashaqqat hunar sir-asrorlarini o'rganishga kirishgan Alisher Nazirov ham mashhur kulollardan. Rishton kulolligiga bog'liq ko'plab yaxshi boshlanmalar uning ijodi bilan bog'liq. Usta yaratgan lagan, shokosa, ko'zacha, xum, mevadon, qanddon kabi sopol buyumlardagi uslub va ranglar jozibasini ko'rib, uning o'z kasbining mohir ustasi ekaniga amin bo'lasiz. U 1998 yili Rishtonda yosh kulol-ustalar tayyorlash maktabini ochdi va hozirgi kungacha mahoratli kulollar tayyorlashga hissa qo'shib kelmoqda.
— Kulollik desa, ko'pchilik uy-ro'zg'or buyumlari, idish-tovoqni tushunadi. Bu xato. Kulollik mo''jizaviy mashg'ulot, — deydi usta kulol. — Shogird bo'lib yurgan kezlarim loyni qo'lga olsam, ustozim “Qani, avval loyga salom bering” deb, tuproq-loyga hurmat bilan munosabatda bo'lishni, halol-pok bo'lib ish boshlashni talab qilardi. Bir muddat rivojlanishdan to'xtab qolayozgan Rishton kulolligi yana gullab-yashnay boshladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Xalqaro hunarmandlar markazi ustalarimiz g'ayratiga g'ayrat qo'shdi. Kulollik maktabidagi milliy an'analar, o'ziga xoslikni saqlab qolgan holda uni yanada boyitish yo'lida samarali ishlar olib borilmoqda.

Taraddud amallari

Turkiy xalqlar hunarmandchiligi forumi va “Kulollar sayli” milliy kulollik mahsulotlari ko'rgazma-savdosiga puxta hozirlik ko'rildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan yangi ustaxona, mahallalarda, xonadonlarda zarur sharoitlar yaratildi, zamonaviy xizmat ko'rsatish tarmoqlari ishga tushirildi.
Tadbirkor Islomjon Orifjonov tashabbusi bilan “Chinor plyus 2020” turistik majmuasi qurib bitkazildi. Loyiha qiymati 50 milliard so'mni tashkil etdi. Majmuada mehmonxona, oshxona, hammom, yozgi va qishki hovuz hamda boshqa xizmat ko'rsatish shoxobchalari bunyod etildi. Unga yondosh hududda kulollik markazi qad ko'tarmoqda. Bu yerda oddiy xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo'lgan jarayonni qamrab oladigan ustaxona qurilishi yakuniga yetkazildi.
— Bugungi kunda tumanimizdagi 80 mingdan ortiq aholi kulollik bilan shug'ullanadi, — deydi tuman hokimi Subxonjon Soliev. — Xalqaro forum va kulollar sayli Rishton kulollik maktabi tarixida yangi sahifalar ochadi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari, Turkiya, Ozarbayjon, Rossiyadan vakillar ishtirok etadi. Shuningdek, mamlakatimizdagi kulollik maktablari ustalari ham taklif etilgan. Asosan sayl shaklida bo'lib o'tadigan anjumanda xorijiy va O'zbekiston kulollari o'z mahsulotlarini namoyish etadi. Shu yerda savdo yarmarkasi ishlaydi. Ishtirokchilar Rishtondagi kulollar oilasi, usta-shogird maktablaridagi mahorat darslarini kuzatish va bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega bo'lishadi. Forum arafasida “An'anaviy Rishton kulolligi” kitobi chop etildi. Unda kulollik tarixi va buguni haqida qiziqarli ma'lumotlar jamlangan. Forumga turkiy davlatlardagi soha olimlarini ham taklif etganmiz. Ular “Rishton kulolligi: kecha, bugun, ertaga” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida qatnashadilar.
Bunday anjumanlar ota-bobolarimizning sopol buyumlar yasash an'anasining unutilgan jihatlarini qayta tiklash, oddiy tuproqdan san'at asari yaratish yo'lida olib borilayotgan ezgu ishlar kundan kunga taraqqiy etib borishiga xizmat qiladi.