inson manfaatlari

O'tkir Rahmat - “Halq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalarining bosh muharriri/

Prezident Shavkat Mirziyoevning 8 may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag'ishlab o'tkazilgan uchrashuvdagi nutqi siyosiy sharhlovchilar, ekspertlar, mamlakatimiz aholisi tomonidan katta qiziqish bilan o'rganilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Davlatimiz rahbari o'z nutqida O'zbekistonimizning yaqin kelajakdagi taraqqiyot rejalari, ustuvor vazifalari va siyosiy yo'nalishlarini belgilab berdi.

Shu yil 30 aprel kuni o'tkazilgan muhim tarixiy siyosiy tadbir — yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi bo'yicha referendumda xalqimiz o'z kelajagi, mamlakatimiz ertasi uchun ovoz berdi. Aynan shu kuni tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik Qoyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqladi.

Shu tariqa O'zbekiston Konstitutsiyasida mamlakatimizning “dunyoviy va ijtimoiy davlat” sifatidagi maqomi belgilab qo'yildi, o'zbek xalqining farovon kelajagini ta'minlashga qaratilgan erkin bozor iqtisodining asoslari mustahkamlandi, Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga taqdim etilishi orqali demokratlashuv jarayoni jadallashtirildi, intellektual mulkdan tortib inklyuziv ta'limgacha bo'lgan muhim huquqlar kafolatlandi. Davlat fuqarolar haq-huquqlari va erkinliklarini ta'minlash, manfaatlarini himoya qilish bo'yicha qator majburiyatlarni o'z zimmasiga oldi.

Ushbu konstitutsiyaviy referendum tufayli xalq va davlat o'rtasidagi “ijtimoiy kelishuv” yangilandi va yanada mustahkamlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish uchun saylovchilarning 90 foizdan ziyodi ovoz berdi. Bu — xalqimizning o'z Prezidentiga ishonchi yuksakligidan, olib borilayotgan siyosatni qo'llab-quvvatlayotganidan, davlatimizning ijtimoiy va qonunchilik siyosati izchil davom etishiga chin dildan umid qilayotganidan, eng muhimi, aholining siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi sezilarli darajada yuksalganidan dalolatdir. Shuningdek, referendum natijalari boshlangan islohotlarga xalqimiz tomonidan berilgan munosib baho bo'lib, endilikda yangi O'zbekistonni barpo etish uchun navbatdagi dadil qadam tashlandi, desak, yanglishmagan bo'lamiz.

Chinakam xalq Konstitutsiyasi

Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo'lgan davrda o'tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo'ldi, deb aytishga asoslarimiz bor. Xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlar tarafdori ekanligini amalda isbotladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo'yicha umumxalq muhokamalarida 223 mingga yaqin takliflar kelib tushganligi va ular asosida loyiha takomillashtirilib, maromiga yetkazilgani, xususan, takliflarning har to'rttasidan bittasi loyihadan joy olganligi fikrimizning yaqqol dalili bo'la oladi.

Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga ko'payib, normalari 275 tadan 434 taga oshgani, ya'ni Asosiy Qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga ko'paygani ham xalqimizning siyosiy ongi va madaniyati oshganligini namoyon etdi.

Muxtasar aytganda, xalqimiz Konstitutsiya xalqni xalq, millatni millat qiladigan poydevor ekanligini anglab yetdi.

Bugun O'zbekiston marrani juda baland olgani hech kimga sir emas. Chunki globallashuv jarayonining shiddati, jahonda sodir bo'layotgan voqea va hodisalarning rivojlanish dinamikasi shuni taqozo etmoqda. Har bir soat, har bir kundan samarali, unumli foydalanish suv va havodek zarur. Yangilangan Konstitutsiya mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, umuman, yurt va xalqning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo'ladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning siyosiy irodasi bilan boshlangan o'zgarishlar shabadasi xalqimizga chinakam erk berdi, uning qadrini yuksakka ko'tardi. Xalqimiz buni qalban his qilib turibdi. Va shunga yarasha xalqimizning dunyoqarashi ham tobora kengayib bormoqda.

Har qanday islohotlar yo davlat tizimini o'zgartirishga, yo aholi turmush darajasini oshirishga, yo iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilganligi bilan farqlanishiga ko'p bora guvoh bo'lganmiz. Lekin O'zbekistonda 2016 yildan boshlangan islohotlar butunlay boshqacha qiyofa kasb etdi. Islohotlar markazida inson turganligi, qolgan barcha yangilanishlar mana shu insonning atrofida kechganligi butun dunyo uchun yangilik bo'ldi, deb aytishga to'la asoslar bor. Shuning uchun ham islohotlar negizida namoyon bo'lgan inson nafaqat hayoti o'zgarishini, balki butun tafakkuri yangilanishini, o'z huquqlari Konstitutsiya darajasida ta'minlanishini istashi tabiiy.

Inson — jamiyat — davlat

Davlatning qudrati uning tabiiy boyliklariyu harbiy kuchi, iqtisodiy imkoniyatlari bilan o'lchanadigan zamonlar ortda qoldi. Bugun xalqning, eng avvalo, turmush darajasi, huquqlari, intellekti, dunyoqarashi, tafakkur olamiga qarab baho berish urfga aylandi. Inson tafakkuri, uning hayotdan rozilik darajasi, haq-huquqlarining so'zsiz ta'minlanishi asosiy mezon sifatida qaralmoqda. Shu ma'noda, bugun O'zbekiston tutgan yo'l insonni qadrlashga, uni rozi qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Konstitutsiyani yangilash ehtiyoji ham shu talabdan kelib chiqdi. O'zbekistonda, avvalo, inson qadri birinchi o'ringa ko'tarildi.

Shu jihatdan bugun O'zbekistonning yangilangan Konstitutsiyasiga “inson — jamiyat — davlat” tamoyili kiritilganligi bejiz emas. Inson tafakkurining mahsuli insonning o'zidan muhimroq bo'lishi mantiqqa zid. Biz yangilangan Konstitutsiyamizda insonni jamiyat va davlatdan ustun qo'yyapmiz.

Muhimi, biz ijtimoiy davlat qurish sari yo'l olyapmiz. Konstitutsiyada ham bu masala qat'iy muhrlandi. Ijtimoiy davlatda har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari kafolatlanadi. Hech kim e'tibordan chetda qolmaydi. Bir inson muammosi butun jamiyatning muammosi, deb qaraladi. Insonlar o'z tashvish va qiyinchiliklari bilan yolg'iz qoldirilmaydi. Aslida, insonga bo'lgan bunday munosabatni biz keyingi yillarda o'z ko'zimiz bilan ko'rib, guvoh bo'lib turibmiz. So'nggi olti yilda O'zbekistonda qanchadan-qancha uy-joylar barpo etildi. Odamlar birinchi marta o'zlarining hayoti, yashash shart-sharoiti davlat uchun muhim ekanligiga ishonch hosil qildi.

Shu o'rinda bir masalaga e'tiborni qaratsak. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch barobar ko'paytirilmoqda. Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod oilalar ijtimoiy ko'makka muhtoj ekanligini, aholining 55 foizi yoshlardan iboratligini inobatga olsak, bu majburiyatlarni amalda ta'minlashning o'zi bo'lmaydi. Bunga, Prezidentimiz ta'kidlab o'tganidek, Davlat byudjetidan har yili qo'shimcha 30 — 40 trillion so'm ajratish kerak bo'ladi. Buning hisobidan, har yili yuzlab yangi bog'chalar, maktab va shifoxonalar quriladi.

Davlatimiz rahbari o'z nutqida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning muqaddima qismiga kiritilgan “O'zbekiston — ijtimoiy davlat” ta'rifiga alohida e'tibor qaratdi. Darhaqiqat, yangilangan Konstitutsiyada juda muhim ijtimoiy masalalar o'z aksini topgan. Jumladan, Bosh qomusimizda alohida modda sifatida kiritilgan ta'lim sohasi jamiyatimizdagi eng dolzarb, islohotlar talab etadigan yo'nalishlardan biri hisoblanadi. Birinchi navbatda, o'qituvchilar maqomini ko'tarish, ularning qadr-qimmatini yuksakka olib chiqish Konstitutsiyada ifodalanmoqda. Ustoz-murabbiylar qadrlangan davlatda esa yosh avlodni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalashga zamin yaratiladi. O'qituvchilarning vazifasi — barkamol avlodni tarbiyalash bilan birga, milliy qadriyatlarimiz, an'analarimizni avloddan-avlodga olib o'tuvchi mutaxassislar tayyorlash. Shu bois ularning huquq va erkinligi qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oliy ta'lim sohasiga ham alohida e'tibor qaratilgan. Masalan, oliy ta'lim muassasalari mustaqilligi, akademik va moliyaviy mustaqillik, ularning o'quv dasturlarini belgilash masalalari, fuqarolarimiz tanlov asosida davlat hisobidan ta'lim olishi mumkinligi to'g'ridan-to'g'ri belgilab qo'yildi. Ishonamizki, ushbu moddalarning kiritilgani kelgusida ta'lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Prezident ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam — yoshlar, xotin-qizlar va bolalar ekanini alohida ta'kidladi. Bu Bosh qomusimizda fundamental norma sifatida mustahkamlanishi uni yanada yuqori bosqichga olib chiqadi. Konstitutsiyada davlat yoshlarning huquqlarini himoya qilishi belgilandi. Xotin-qizlarning, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va erkinliklarini, davlat boshqaruvida ayollar va erkaklarning teng ishtirokini ta'minlash bu boradagi dadil qadamlardir.

Samarali va yaxshi boshqaruv

Konstitutsiyaviy islohot bugungi va istiqboldagi muvaffaqiyatli va barqaror taraqqiyotning zaruriy huquqiy sharti va asosidir. Xususan, u “samarali va yaxshi boshqaruv” tizimini joriy etishning muhim vositasi sifatida hokimiyat tarmoqlari o'rtasidagi o'zaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, hisobdorlik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni oshirishga yordam beruvchi konstitutsiyaviy qoidalarni o'rnatadi. Boshqaruv sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu o'zgarishlar siyosiy tizim barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Bu esa, o'z navbatida, iqtisodiyotni rivojlantirishga foyda keltirib, natijada sarmoya kiritish va taraqqiyotni ta'minlash uchun qulay va barqaror muhit yaratadi. Bunga, eng avvalo, “Yangi O'zbekiston — xalqchil va insonparvar davlat” Qoyasi va “inson — jamiyat — davlat” tamoyilini hayotga faol tatbiq etish, Prezident, parlament va hukumat o'rtasida vakolatlarni aniq taqsimlash, hokimiyatlar bo'linishi tizimida o'zaro tiyib turish va muvozanatni mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, zamonaviy xalqaro hamjamiyatda o'zining munosib o'rnini topish orqali erishiladi.

Yangilangan Konstitutsiya yangi O'zbekiston ravnaqining huquqiy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan va bu jahon tajribasiga mos tabiiy jarayondir. Bir haqiqatni teran bilishimiz, anglashimiz shart. Konstitutsion islohotlar zamirida, avvalo, yurtdoshlarimizga munosib hayot darajasini yaratish, haq-huquqlarini himoya etish, o'lim jazosini taqiqlash, xususiy mulk huquqini kafolatlash, qiynoqqa solishlarning oldini olish, sud qarorisiz majburiy ushlab turishga barham berish, tazyiqlar, tahqirlarga chek qo'yish, tadbirkorlikka Qov bo'ladigan har qanday illatlar bilan murosa qilmaslik kabi insonparvar maqsadlar mujassamlashgan. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo'lidan hech qachon ortga qaytilmaydi, “inson — jamiyat — davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz.

Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O'zbekiston — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deb qat'iy belgilab qo'yilgani tarixiy ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy Qonunda muhrlangan bu prinsiplar — mamlakatimizning taraqqiyot yo'li va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon o'zgartirilmaydi. Zero, bu tamoyillar faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishni, tengsiz va buyuk ne'mat — mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirishni ko'zlaydi.

Mustaqillik — oliy qadriyat

Davlat mustaqilligini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni asrab qolish oson ish emas. Buning uchun mashaqqatli mehnat talab etiladi. Davlatimiz rahbari bu borada qator vazifalarga to'xtalib o'tdi.

Birinchidan, milliy xavfsizlikni ta'minlash, Qurolli Kuchlar jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi.

Ikkinchidan, “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz ko'cha” konsepsiyalari jadal amalga oshiriladi.

Uchinchidan, totuvlik, millatlararo do'stlik va bag'rikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi. Negaki, aynan millatlararo totuvlik 130 dan ziyod millat va elatlar istiqomat qiladigan O'zbekistonimizning eng katta boyligi.

To'rtinchidan, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda O'zbekiston tinchliksevar tashqi siyosatni davom ettirib, uzoq va yaqin davlatlar bilan do'stlik aloqalarini, barcha sohada o'zaro hamkorlikni rivojlantirib boraveradi. O'zbekiston Respublikasi o'z mustaqilligi va suverenitetini ta'minlash maqsadida faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bundan buyon ham o'zi tanlagan mustaqil taraqqiyot yo'lida tashqi siyosatini qat'iy davom ettiradi.

Prezidentimiz nutqida mustaqillikni asrab-avaylash haqida juda muhim fikrlar bildirildi. To'g'rida, bir asrdan oshiqroq vaqt mobaynida mutelik iskanjasida yashab kelgan xalqimiz XXI asr bo'sag'asida erk va ozodlikka erishishi axir oson bo'ldimi? Erk yo'lida ne-ne ajdodlar qoni to'kildi. Istiqlolni juda jo'n qabul qilganlar, endi erkimiz o'z qo'limizda, ertadanoq dorilamon davr boshlanadi, deb g'oyibdan to'kinlik kutishganiga ham guvoh bo'ldik. Ba'zi birovlarga o'tish davri, bu — farovon hayot ostonasi emas, balki ungacha bo'lgan mashaqqatli masofalar maydoni ekanini anglagunga qadar muayyan muddat kerak bo'ldi. Istiqlol faqat siyosatdagi sobitlik, adolatlilik, xalqimizning metin irodasi va jasorati tufayli mustahkamlandi.

O'zbekiston tashqi siyosatda ham o'zining, ham o'zgalarning manfaatini hurmat qiladi, suverenitetini qadrlaydi. Qadrlasang — qadr topasan, deydi xalqimiz. Har narsaning qadrini bilish uchun, shubhasiz, uning mohiyatini anglash kerak. Mustaqillikning mohiyatini ma'rifatsiz anglab bo'lmaydi. Chunki ma'rifatsiz mustaqillikning o'zi bo'lmaydi. Bo'lgan taqdirda ham u mustaqillik emas, qullikning boshqa shaklidagi ko'rinishi bo'ladi, xolos.

Aytmoqchimizki, istiqlolga biz osonlikcha erishganimiz yo'q. Bir yuz o'ttiz yil davomida ko'p qurbonlar berildi. Juda ko'p. Tarixga bir qur nazar solsangiz, yurak zirqirab ketadi. Ular ham siz bilan biz kabi orzumand odamlar edi. Aksariyatining bolalari ortidan izillab qolaverdi. Qatag'on qilindi — otildi, surgun qilindi, xo'rlandi. Millat gullari kallaklab tashlandi. Tirik qolganlari ham insonday yashay olishmadi. Shunday ekan, istiqlol, hurriyat masalalariga shunchaki qaray olmaymiz. Zero, istiqlol — bizning hayotimiz, taqdirimiz.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz oldida turgan eng dolzarb vazifalar hamda yangilangan Konstitutsiyaning har bir moddasi, har bir bandi bajarilishi lozimligi haqidagi fikrlari har birimizni yanada mas'uliyatli bo'lishga, yurt manfaati uchun halol va vijdonan ishlashga da'vat etadi.

Xususan, yoshlar siyosati, ta'lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish ustuvor vazifa bo'lib qolaveradi. Buning uchun iqtisodiy o'sishni ta'minlash zarurligi aytildi. Yalpi ichki mahsulot hajmini bugungi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi ochiq bayon qilindi. Bu — aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani. Ushbu ezgu niyatlarga erishish yo'lida xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash, soliq ma'murchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi. Boshqa tomondan, qishloq va suv xo'jaligi, sanoat, energetika, transport, qurilish sohalariga katta-katta investitsiyalar jalb qilinishi talab etiladi.

Yangi bosqich — yangi vazifalar

O'zbekistonda nafaqat iqtisodiy islohotlar davom ettiriladi, balki jamiyatda qonun ustuvorligini ta'minlash uchun ham qat'iy choralar ko'riladi. Zero, Konstitutsiyada ilk bor mamlakatimizga huquqiy davlat degan ta'rif berilgani bejiz emas. Bu — avvalambor, barcha sohada qonun ustuvorligi ta'minlanadi, degani. Prezidentimiz qayd etganidek, bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal qilinadi.

Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini, albatta, amalda ta'minlashimiz zarur. Shu maqsadda, Konstitutsiyada hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yo'l qo'yilishi haqidagi qoida mustahkamlandi. Ayblanuvchiga o'ziga qarshi ko'rsatma bermaslik, ya'ni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qo'yildi. Advokatlar maqomi oshirilib, ularning tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega ekani qayd etildi.

Albatta, Asosiy Qonunga kiritilgan bu ilg'or yangiliklarni amalda joriy etish oson bo'lmaydi. Buning uchun yurtdoshlarimizning o'zlari ham qonuniy huquqlari uchun kurashishlari talab etiladi. “Qars ikki qo'ldan chiqadi”, deganlaridek, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, ma'naviy dunyosini yuksaltirish bilan birga, aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, dunyoqarashini o'zgartirish talab etiladi.

Tadbirning eng kulminatsion nuqtasi — Prezident saylovining muddatidan ilgari o'tkazilishining e'lon qilinishi bo'ldi, desak, ko'pchilik fikrimizga qo'shilsa kerak. Davlatimiz rahbarining mardligini qarangki, o'z vakolatlarining qolgan uch yarim yillik davridan o'z tashabbusi bilan voz kechdi. Va buning o'ziga yarasha sabablari keltirildi.

Avvalo, Konstitutsiya yangilanganidan keyin xalqning ishonch mandatini olish uchun dadil qadam tashlandi. Vaholanki, huquqiy jihatdan davlat rahbari Prezidentlik muddatini oxirigacha ijro etishiga hech narsa monelik qilmayotgandi. Shunga qaramay, Asosiy Qonunga muvofiq, hokimiyatning barcha bo'g'inlari isloh qilinib, ular o'rtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy o'zgargani inobatga olindi. Qolaversa, yangilangan Konstitutsiya Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib bo'lmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni, yangi marralarni qo'ygani bois navbatdan tashqari saylov o'tkazishga qaror qilindi.

Bu esa inson manfaatlarini ta'minlashga, dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot sifati va darajasini oshirish, Vatanimizning jahon miqyosidagi obro'-e'tiborini yuksaltirish yo'lidagi ishlarimizni izchil davom ettirishga asos bo'ladi.

Muxtasar aytganda, yangi O'zbekistonning yangi Konstitutsiyasi mamlakatimizning yangi rivojlanish davrini boshlab beryapti. Ularning mohiyatini, asosini Prezidentimiz rahnamoligida inson uchun, uning baxtu saodati uchun amalga oshirilayotgan islohotlar tashkil etadi.