Xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar kuzatuvchilar ishtiroki Referendumni oshkora, demokratik xalqaro talablar asosida o'tkazishda muhim omil hisoblanadi.

Shu bois mamlakatimizda o'tgan muhim siyosiy voqelik – umumxalq referendumini kuzatish, tadbirni keng yoritish maqsadida xalqaro tashkilotlar, saylov organlari va xorijiy davlatlardan jami 383 nafar xalqaro kuzatuvchi akkreditatsiyadan o'tkazildi.
O'zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi ommaviy axborot vositalari, xalkaro kuzatuvchilar faoliyatini muvofiqlashtirish, shaffoflikni ta'minlash maksadida xar bir voqea-hodisani tahlil etib bordi. Jumladan, missiyalar, delegatsiyalar vakillari bilan tashkil etilgan uchrashuvlarda referendumga tayyorgarlik, tadbirni o'tkazish jarayoni xususida muntazam ma'lumot berib borildi.
Ahamiyatlisi, referendumni o'tkazishga oid qabul qilingan nizomga muvofiq, MSK huzurida tezkor axborot berish markazi tashkil etildi. Shuningdek, onlayn rejimda faoliyat yuritgan komissiya rahbariyati muntazam majlislar o'tkazib bordi.

Xalqaro kuzatuvchilar referendum arafasida saylov uchastkalarida barcha zarur shart-sharoit yaratilgani, komissiyalar ushbu siyosiy voqelikka har tomonlama puxta tayyorlik ko'rganini qayd etishdi. Jarayon xalqaro standartga muvofiq takomillashtirilgani, MSK tomonidan tasdiqlangan reja va milliy qonunchilik asosida tizimli ishlar amalga oshirilgani yuqori baholandi.
– Jarayon shaffof, tizimli yo'lga qo'yilgan, – deydi Turkiyadagi “Marmara group” jamg'armasi raisi Akkan Suver. – Toshkent shahridagi 16 ta referendum uchastkasida ovoz berish jarayonini kuzatib, fuqarolar siyosiy jarayonga befarq emasligiga guvoh bo'ldim.
Tadbirni atroflicha yoritish maqsadida akkreditatsiyadan o'tkazilgan 192 nafar chet el OAV vakillari ham ular uchun qulay shart-sharoit yaratib berilganini qayd etishdi. Umuman, Referendumga tayyorgarlik ko'rish, tadbirni o'tkazish jarayoni ochiqligini ta'minlashda OAVning roli beqiyos.