O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI RASMIY VAKILINING AXBOROTI
2022-yilning 3-4 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 720 nafar O'zbekiston fuqarosi olib kelindi.
Shunday qilib, 4-mart holatiga ko'ra, umumiy hisobda 11 ta aviareys bilan 2 579 nafar vatandoshimiz qaytarildi.
Katovitse aeroportidan uchta qo'shimcha parvoz kutilmoqda: bugun soat 14:30 va 16:00 da hamda 5-mart soat 03:00 da (Toshkent vaqti bilan).
Polsha hududida mamlakatimizning 1 480 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 700 nafari Polsha davlat chegarasidagi to'planish nuqtasiga, 780 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI RASMIY VAKILINING AXBOROTI
2022-yilning 2-3-mart kunlari "Uzbekistan Airways" AJning uchta samolyoti bilan 671 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Polshaning Katovitse aeroporti orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi. Ular orasida 129 ayollar, 82 bolalar va 14 chaqaloqlar bor.
Umumiy hisobda Ukrainadan Polsha hududi orqali sakkizta aviareyslar bilan 1 859 nafar vatandoshimiz olib kelindi. Bugun yana bir necha evakuatsiya qatnovini tashkil etish rejalashtirilgan.
Polsha hududida mamlakatimizning 1 100 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 550 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, 550 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.
ЎЗБЕКИСТОНДА ҲАРБИЙ ХИЗМАТЧИЛАРНИ ЁЛЛАШ БЎЙИЧА ТАРҚАЛГАН ХАБАРЛАРГА РАСМИЙ МУНОСАБАТ
Сўнгги пайтларда айрим ижтимоий тармоқларда Ўзбекистон ҳарбий хизматчиларини хорижий давлатлар армиясига ёллаш ҳақида хабарлар тарқалди.
Шу муносабат билан маълум қиламизки, Ўзбекистон Республикаси Конституциясининг 125-моддасига мувофиқ, Ўзбекистон Республикаси Қуролли Кучлари Ўзбекистон Республикасининг давлат суверенитетини ва ҳудудий яхлитлигини, аҳолининг тинч ҳаёти ва хавфсизлигини ҳимоя қилиш учун тузилади.
Мудофаа доктринасига кўра, Ўзбекистон Республикасининг мудофаа соҳасидаги сиёсати бошқа давлатларнинг ички ишларига аралашмаслик, эҳтимол тутилган низоларни тинч йўл билан ҳал этиш тамойилларига асосланади.
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI TASHQI ISHLAR VAZIRLIGI RASMIY VAKILINING AXBOROTI
2022-yilning 1-2 mart kunlari "Uzbekistan Airways" AJning uchta samolyoti bilan 677 nafar O'zbekiston Respublikasi fuqarosi Polshaning Katovitse aeroporti orqali Ukrainadan evakuatsiya qilindi.
Joriy yil 2-mart holatiga ko'ra, umumiy hisobda Ukrainadan Polsha hududi orqali beshta aviareyslar bilan 1 186 nafar vatandoshimiz olib kelindi.
Bugun yana ikkita evakuatsiya qatnovini tashkil etish rejalashtirilgan. Birinchi reys Toshkent shahridan soat 07:00 da uchib ketgan bo'lsa, keyingisi soat 10:00 da parvoz qiladi.
Polsha hududida mamlakatimizning 800 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 350 nafari Polsha davlat chegarasidagi to'planish nuqtasiga, 450 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.
ЎЗБЕКИСТОН РЕСПУБЛИКАСИ ТАШҚИ ИШЛАР ВАЗИРЛИГИ РАСМИЙ ВАКИЛИНИНГ АХБОРОТИ
Қатор ОАВ вакилларининг мурожаатларига мувофиқ маълум қиламизки, Ўзбекистон Республикасининг Украинадаги Элчихонаси томонидан Харков шаҳрида дипломатик ваколатхонага қарашли транспорт воситаси зарарлангани ҳақидаги хабарлар тасдиқланди.
Дипломатик ваколатхона ахборотига кўра, фуқароларимиз хавфсизлигини таъминлаш билан боғлиқ тезкор масалаларни ҳал этиш чоғида авторураргоҳда турган Элчихона микроавтобуси шрапнел томонидан зарар кўрган.
Шу билан бирга, ҳодиса туфайли Ўзбекистон фуқаролари ва Элчихона дипломатлари жароҳатланмаган.