Buyuk Britaniyaning «Financial Times» gazetasida 2017-yilda sayohat qilish tavsiya etilayotgan mamlakatlar haqida maqola e’lon qilindi. Bu ro‘yxatga eng diqqatga sazovor to‘qqiz davlat kiritilgan bo‘lib, unda O‘zbekiston 2-o‘rinda qayd etilgan.



Reyting sayyohlik sanoatining «Wild Frontiers», «KE Adventure Travel», «Discover the World», «Ampersand Travel», «Oetker Collection», «Red Savannah» «Cazenove and Loyd» kabi mashhur kompaniyalari rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijalari asosida tuzilgan. 

Buyuk Britaniyaning «Wild Frontiers» sayyohlik firmasi asoschisi Jonni Bilbining so‘zlariga ko‘ra, sayyohlar noyob va o‘ziga xos o‘lkalarga sayohat qilishni istaydi. Buyuk ipak yo‘lida joylashgan davlatlar esa sayyohlar uchun mazkur sanoatning eng yaxshi yo‘nalishlaridandir. 

Maqola mualliflari turistlarga agar butun Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilish imkoni bo‘lmasa, O‘zbekistonga safar qilishni tavsiya etgan. Chunki mamlakatimizda bu tarixni o‘zida aks ettirgan barcha jihatlar – Samarqand, Buxoro, Xiva, Shahrisabz, Toshkent kabi shaharlar, qadimiy karvonsaroy va nodir obidalar, sahro manzarasi, otda va tuyada sayohat qilish imkoniyatlari bor. 

Maqolada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga alohida urg‘u berilgan. Unga muvofiq soha taraqqiyotiga yo‘naltirilgan vazifalar, yaratilayotgan yangi imkoniyat va qulayliklar yuqori baholangan. 

«Financial Times» biznes sohasida dunyodagi eng mashhur nashr hisoblanadi. Uni har kuni qariyb 2,3 million odam o‘qiydi. Gazetaning asosiy mushtariylari yirik kompaniya va tashkilotlar rahbarlari, jumladan, yetakchi xalqaro turistik firmalar vakillari hisoblanadi.