Poytaxtimizda «Temuriylar tarixi davlat muzeyi 20 yoshda: kecha va bugun» mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakatimizdagi turli muzeylar rahbarlari, tarixchi olimlar va tadqiqotchilar, san’atkorlar, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.



O‘zFA vitse-prezidenti B.Abduhalimov, O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari A.Mirzarahimov, Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi N.Habibullayev, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori X.Fayziyev va boshqalar Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur muzey Amir Temur shaxsiyatiga nisbatan yurtimizda tarixiy adolat tantana qilganining amaliy isbоti bo‘lgani, ayni paytda bu maskan yirik ilm-ma’rifat markaziga, xalqimiz, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishda o‘ziga xos maktabga aylanganini ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 14-martda «Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingach, muzey qisqa vaqtda – sakkiz oyda bunyod etilgan. Muzey ochilgan kun – 1996-yil 18-oktabr xalqimiz tarixida unutilmas sana bo‘lib qoladi. 

– Muzey, Birinchi Prezidentimiz orzu qilganidek, ilmiy markazga aylandi, – deydi Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev. – Ilmiy xodimlarimiz hozirgacha o‘ndan ziyod mavzuda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirdi. “Temuriylar davri renessansi", “Temuriylar davri yozma yodgorliklarining O‘zbekistonda va xorijda o‘rganilishi”, ”Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivojini o‘rganish va targ‘ib qilishning umumbashariy ahamiyati” mavzularidagi fundamental, “Shohruxiya qal’a shahri – Amir Temur va temuriylar davrining noyob yodgorligi” mavzuida amaliy, ”Toshkent – islom madaniyati poytaxti” mavzusidagi innovatsion loyihalar shular jumlasidandir. 2012-2013-yillarda innovatsion loyiha asosida «O‘zbekiston tarixi» xrestomatiyasining uch jildi nashr etildi. Ayni paytda «Temuriylar davri yozma manbalarida Markaziy Osiyo tarixiy geografiyasi» mavzusida innovatsion loyiha amalga oshirilmoqda. 

Muzeyda tashkil etilgan ilmiy guruh tomonidan yubiley albomlari, to‘plamlar, monografiyalar nashr etilmoqda. Temuriylar davri tarixining dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish yaxshi an’anaga aylangan. 

Temuriylar tarixi davlat muzeyi binosi mustaqillik davri shaharsozlik madaniyatining noyob namunasi, mamlakatimiz arxitektura san’atidagi durdona asarlardan biri sifatida tarixga kirgan. O‘tgan davrda bu maskanda 60 dan ortiq ko‘rgazmalar tashkil etildi. Muzey fondlarini boyitish maqsadida arxeologik ekspeditsiyalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani hududida joylashgan XIV asrga oid Shohruxiya qal’asi yodgorligida amalga oshirilgan arxeologik qazishmalar davomida ko‘plab qurilish materiallari, kulolchilik, shishachilik, temirchilikka oid materiallar yig‘ildi. Ular asosida ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. 

Shu paytga qadar Fransiya, Germaniya, Avstraliya, Hindiston kabi davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda muzeyning noyob eksponatlari namoyish etildi. Joriy yilda Fransiya va Niderlandiyada Amir Temur va temuriylar davriga oid fotoko‘rgazma o‘tkazildi. Muzey sayti (temurid.uz) o‘zbek, rus, ingliz tillarida ishlab turibdi. Bu yil «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati bilan hamkorlikda muzeyning to‘liq virtual ko‘rinishi yaratildi. Unda muzey zallari bo‘ylab sayohat va eksponatlar zamonaviy 3D shaklda namoyon bo‘ladi. 

Anjumanda Temuriylar tarixi davlat muzeyini barpo etish tarixi, uni eksponatlar bilan boyitish, ekspozitsiyalar tashkil etish jarayoni haqida so‘zlab berildi. Muzeyning ilmiy, arxeologik faoliyati, ekspozitsiyalarni boyitish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ta’sirchanligini oshirish borasidagi ishlar, kelgusidagi rejalar xususida fikr almashildi.