Namangan viloyatida “Biz — buyuk yurt farzandlarimiz!” shiori ostida yoshlar festivali boshlandi.

Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligiga bag’ishlab “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy kengashi tomonidan tashkil etilgan mazkur anjuman doirasida shahar va tumanlar markazlari, ta'lim muassasalarida turli ma'naviy-ma'rifiy, badiiy dasturlar o’tkazish rejalashtirilgan.

Navqiron avlodni mamlakatimizda istiqlol yillarida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, demokratik o’zgarishlar bilan yaqindan tanishtirish, ularda bu jarayonlarga nisbatan daxldorlik hamda shukronalik tuyg’usini shakllantirish, yoshlarni “ommaviy madaniyat” ta'sirlaridan asrash, milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalash kabi maqsadlar ko’zda tutilgan festival o’n sakkizta loyihani qamrab olgan. Jumladan, joylarda “Yurtimni obod etaman”, “Vatanim — mening faxrim”, “Marra bizniki!” singari tadbirlar uyushtirilmoqda.

Masalan, “Vatan taraqqiyotiga mening hissam!” ko’rgazmasi orqali ishtirokchilar yosh tadbirkorlar, hunarmandlarning ijodiy izlanishlari, ular ishlab chiqargan mahsulotlar bilan yaqindan tanishadilar. Turli musobaqalar sovrindorlari bo’lgan sportsevar yigit-qizlarning ko’rgazmali chiqishlari barkamol avlodning jismoniy va ma'naviy kamoloti yo’lida yaratilgan imkoniyatlar ko’rigiga aylanayapti.

Aytish lozimki, festivalning joriy yilgi tadbirlarida “Bu mening Vatanim!” shiori ostida Prezidentimizning “Ona yurtimiz baxtu iqboli va buyuk kelajagi yo’lida xizmat qilish — eng oliy saodatdir” kitobi mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan taqdimot, respublikamiz yosh ijodkorlari tomonidan suratga olingan qisqa metrajli filmlar namoyishiga yo’naltirilgan “Kichik filmdan — katta kinoga”, oliy ta'lim muassasalari teatr studiyalarining “Talabalar teatr studiyalari”, “Yoshlar jonli ijro tarafdori” kabi yangi loyihalar ham tashkil etiladi.

Yoshlik hamda shijoat bayramining birinchi kunida viloyat markazidagi “Kamolot bog’i”da ko’ngillarga orom beruvchi musiqiy favvoraning ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Kamalak rangida tovlanayotgan obihayot zarralarini 25 metr baland-likka ko’tarib berayotgan inshoot atrofida yigit-qizlar zavq-shavqqa to’lib, hordiq chiqardilar. Endilikda bu joy yoshlarning bo’sh vaqti yanada mazmunli o’tadigan so’lim maskanga aylanadi.

Shuningdek, To’raqo’rg’on, Chust va Kosonsoy tumanlarida ham bir qator uchrashuvlar tashkillashtirildi.

— Poytaxtdan kelgan ijodkorlar, san'atkorlar hamda iqtidorli yigit-qizlardan iborat targ’ibоt guruhi ishtirokidagi “Kamolot kutubxonasi” loyihasi doirasidagi viktorina menda katta taassurot qoldirdi, — deydi To’raqo’rg’on tumanidagi 16-umumta'lim maktabi o’quvchisi Qunduzoy Matkarimova. — Unga tashrif buyurgan aktyorlarning ko’pchiligini kinofilmlardagi rollari orqali yaqindan taniymiz. Savol-javoblar orqali ularning hayoti, ijodiy faoliyati bilan tanishdik. Viktorina chog’ida mehmonlarning qanday kitoblarni mutolaa qilayotganimiz, sevimli yozuvchilar va adabiy qahramonlarimiz haqida bergan savollariga biz ham batafsil javob qaytardik. Tadbir yakunida faol qatnashchilarga kitoblar sovg’a qilindi. Bundan behad xursandmiz.

Uch kun mobaynida bo’lib o’tadigan festival tadbirlariga davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar va jamiyat hayotining turli sohalarida yutuqlarni qo’lga kiritayotgan yoshlar ham keng jalb etiladi.