xotin qizlar qomitasiAvval xabar berilganidek, joriy yilning 9-13-noyabr kunlari O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari O’zbekiston Xotin-qizlar qo’mitasi raisi Elmira Basitxanova boshchiligidagi Oliy Majlis vakillari delegatsiyasi Germaniyada bo’ldi.

Mazkur tashrif Germaniya Bundestagi hamda Xalqaro hamkorlik bo’yicha omonat kassalar fondi taklifiga binoan tashkil etildi.

Delegatsiya a'zolari Bundestag, Federal kansler qo’mitasi, vazirliklar, shuningdek, federal va mahalliy jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashdilar.

Shuningdek, mamlakatimiz vakillari ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi ishtiroki bo’yicha Germaniya tajribasi va amaliyoti bilan tanishdilar. Bundan tashqari, ular federal va mahalliy parlamentlar faoliyati, qonun ishlab chiqishni tashkil etish va hokimiyatning ijro etuvchi idoralar bilan hamkorlik qilishni asosiy tamoyillari va mexanizmlarini yaqindan o’rgandilar.  

Muzokaralar chog’ida O’zbekiston va Germaniya o’rtasida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish hamda ayollar tadbirkorligi sohasidagi aloqalarni rivojlantirish bo’yicha fikr almashildi.

Delegatsiya a'zolari ishtirokchilarga respublikamizda izchillik bilan amalga oshirilayotgan jamiyatda ayollarni o’rni va mavqyeyini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini ta'minlash, ularning ma'naviy va jismoniy salohiyati, ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy faolligini oshirish uchun yaratilgan zarur shart-sharoitlar to’g’risida batafsil ma'lumot berdilar.

Germaniyaning rasmiy idoralari va jamoat tashkilotlari O’zbekiston rahbariyati tomonidan dunyoning ilg’or tajribasini o’rganish va tadbiq etish asosida davlat boshqaruvida ayollarning rolini kuchaytirish yo’lida olib borayotgan sa'y-harakatlarini yuqori baholadilar. Shu bilan bir qatorda, Germaniya tomoni O’zbekiston bilan kelgusida ham ikki tomonlama aloqalarni konstruktiv va o’zaro manfaatlar asosida rivojlantirishni ta'kidlab o’tdi. 

Ular o’z navbatida, O’zbekiston hukumatiga aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida, mamlakatni modernizatsiya qilish, ta'lim, sog’liqni saqlash, fan va madaniyat sohalarida ayollarning faolligini oshirishda o’z yordamlarini ayamasliklarini bildirdilar.

 “Jahon”, Berlin