konstitutsiyaHamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, 31-modda

.

 

Toshkent islom universitetida “Konfessiyalararo muloqot va diniy bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi garovi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Toshkent islom universiteti, YuNESKOning mamlakatimizdagi vakolatxonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda vazirlik va idoralar, diniy konfessiyalar vakillari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari, xorijlik ekspertlar, olimlar, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi O.Yusupov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U.Alimov, Toshkent islom universiteti rektori R.Abdullayev, Vatikanning O‘zbekistondagi nunsiysi I.Yurkovich va boshqalar Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda vijdon erkinligi ta’minlanayotgani, milliy va diniy qadriyatlar e’zozlanayotgani samarasida millatlararo va diniy konfessiyalararo bag‘rikenglik, ahillik muhiti qaror topganini alohida ta’kidladi. 

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, tinchlik va farovonlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. Yurtimizda o‘n olti diniy konfessiyaga mansub 2 ming 238 diniy tashkilot, 130 dan ortiq millat vakillaridan iborat qariyb 140 milliy-madaniy markaz, Imom Buxoriy xalqaro markazi, Toshkent islom universiteti, islom instituti, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari, pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizdagi diniy konfessiya vakillari ahil-inoq yashab, jamiyat hayotini ravnaq toptirish yo‘lida samarali mehnat qilayotir. Ular o‘z diniy bayramlari va e’tiqod amallarini emin-erkin ado etmoqda. Respublika Baynalmilal madaniyat markazi barcha fuqarolarning milliy qadriyatlarini rivojlantirish, ularning o‘zaro ahilligi va hamjihatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda. 

YuNESKO tomonidan bag‘rikenglikka oid yetmishdan ziyod xalqaro hujjatlar, konvensiyalar qabul qilingan. 1995-yil 16-noyabrda YuNESKO Bosh konferensiyasining 28-sessiyasida Bag‘rikenglik tamoyillari to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingan. Shundan buyon mazkur sana insoniyatni bag‘rikenglikka, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga undash maqsadida Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. 

Mazkur sana munosabati bilan tashkil etilgan anjumanda dunyoning ayrim mintaqalarida diniy aqidaparastlik va millatchilik urush va nizolarga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Ko‘pmillatli jamiyatda dinlararo totuvlikka erishish demokratik islohotlarni izchil amalga oshirish, mamlakatni har tomonlama rivojlantirish imkonini berishi alohida ta’kidlandi. 

– Ushbu konferensiya g‘oyat dolzarb mavzuga bag‘ishlanganini alohida ta’kidlamoqchiman, – dedi Novoapostol cherkovining Berlin-Brandenburg okrugi rahbari Volfgang Nadolni (Germaniya). – Bugungi murakkab davrda tinchlik va barqarorlikni saqlash uchun dinlar, konfessiyalar, millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, bir-birini tushunish g‘oyat muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonda xuddi shunday muhit qaror topgan. Turli dinga e’tiqod qiluvchilar uchun zarur sharoitlar yaratilgani, ularning o‘z an’analari va udumlari, marosimlarini bemalol ado etib kelayotgani e’tiborga molik. O‘zbekistondagi o‘zaro bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhiti tinchlik va farovonlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Tadbirda bugungi kunda dunyoning turli mintaqalarida ro‘y berayotgan mojarolarga teran ko‘z bilan qarash, doimo ogoh va hushyor bo‘lish, yurtimizdagi tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash zarurligi alohida ta’kidlandi. 

– O‘zbekistonda o‘n yildan buyon faoliyat yuritaman, – dedi O‘zbekistondagi Rim katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich. – Bu yerda turli millat va elat vakillari ahil-inoq, tinch va osuda hayot kechirayotgani, jamiyatda qaror topgan bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik bizni quvontiradi. Odamlar tinch-xotirjam yashamoqda, o‘z orzulari, intilishlarini emin-erkin amalga oshirmoqda. O‘zbekistonda qaror topgan tinchlik, barqaror ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy muhit dunyo hamjamiyati havasini tortmoqda. 

Konferensiya ishtirokchilari O‘zbekistondagi millatlar va diniy konfessiyalararo ahillik, do‘stlik va bag‘rikenglik muhiti inson omiliga ustuvor e’tibor qaratish, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, Vatanimizning jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada yuksaltirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi. 

Anjumanda tinchlikni mustahkamlashda diniy bag‘rikenglikning o‘rni, bag‘rikenglik tamoyillari, dinlar va ijtimoiy hamkorlik, konfessiyalararo muloqotning jamiyatni rivojlantirishdagi roli, yoshlarni diniy bag‘rikenglik ruhida tarbiyalash, millatlar va dinlararo totuvlikni ta’minlashda O‘zbekiston tajribasiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. 

Tadbir doirasida milliy-madaniy markazlar, diniy tashkilotlar tomonidan tayyorlangan O‘zbekistondagi millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik muhitini aks ettirgan bosma nashrlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.