Britaniyada nashr etiladigan “The Financial Times” gazetasida ana shunday sarlavha ostida Janubiy Koreyaning “Hyundai Engineering” kompaniyasi katta vitse-prezidenti Kim Chjun Xo qalamiga mansub maqola bosilib chiqdi.

Unda mamlakatimiz jahondagi oltin, kumush, mis, rux, temir, volfram, titan, uran, kaliy, fosfat, neft va gaz kondensati ishlab chiqaruvchilarining o’nligidan joy olgani, mineral resurslarning ulkan zaxiralariga ega ekanligi qayd etilgan.

“O’zbekiston tabiiy resurslarni mamlakat ichida qayta ishlashni va yuqori qo’shimcha qiymaga ega eksportga mo’ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko’zda tutadigan iqtisodiy siyosat yo’nalishini o’zgartirish borasida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. «AVV» kompaniyasining ilg’or texnologiyalari asosidagi Sho’rtan gaz-kimyo majmuasining barpo etilishi bu yo’nalishda olib borilayotgan ishlarning birinchi natijalaridan bo’ldi. U tabiiy gazning bahosini sezilarli darajada oshirgani holda uning qayta ishlanishini inqilobiy tarzda o’zgartirdi. Bugungi kunda bu yerda 125 ming tonna polietilen va 100 ming tonna siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqarilmoqda”, deb xabar beradi muallif. 

Maqolada ma'lum qilinganidek, ishlab chiqarish quvvati nuqtai nazaridan qit'dagi eng yirik zavod bo’lgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasining foydalanishga topshirilishi natijasida  2015-yili O’zbekistonda polimerlar ishlab chiqarish quvvati qariyb besh baravarga ko’paydi. U har yili 400 ming tonna polietilen granulalari va 100 ming tonna polipropilen ishlab chiqarmoqda. Har ikki zavod mahsulotlari, deb yozadi gazeta, asosan jahon bozorlariga eksport qilinmoqda. 

“O’zbekiston, jumladan, «Metanol-olefinlar» texnologiyasi asosida bimodal polietilen va polipropilen, shuningdek, “GTL” texnologiyasi asosida polivinilxlorid va sintetik suyuq yoqilg’i ishlab chiqarish bo’yicha yirik zavodlar qurish loyihalarini amalga oshirish hisobidan uglevodorod xom ashyosini qayta ishlash bo’yicha o’z imkoniyatlarini mustahkamlashga intilmoqda”, deya qayd etiladi maqolada.

 Ta'kidlanganidek, mustaqillik e'lon qilingunga qadar O’zbekiston kimyo korxonalari asosan import qilingan xom ashyodan o’g’it ishlab chiqarar edi.  

“O’zining taraqqiyot strategiyasi tanlab olingani natijasida o’tgan yillar davomida mamlakatda uchta yirik sanoat majmuasi qayta tashkil etildi va ishga tushirildi. Shuningdek, mavjud ichki resurslar asosida ammiak selitra, azot kislotasi, karbamid, ammiak, xlorat natriy va majmuaviy mineral o’g’itlar ishlab chiqarish bo’yicha yangi  quvvatlar barpo etildi. So’nggi o’n besh yil davomida o’z ishlab chiqarish hajmlarini ikki barobarga oshirib, ham mahsulot hajmi, ham uning turlari bo’yicha O’zbekistonning kimyo sanoati Markaziy Osiyoda yetakchi o’rinni egalladi”, deb yozadi gazeta.

Muallifning qayd etishicha, qayta ishlash sanoati yuqori texnologiyaga asoslangan iqtisodiyot yo’liga o’tish strategiyasi doirasida qurilish materiallari industriyasi mahalliy xom ashyoni qayta ishlashni sezilarli darajada ko’paytirdi. Masalan, keyingi o’n yillikda bu tarmoqdagi ishlab chiqarishning umumiy hajmi asosan O’zbekiston qurilish materiallari bozori uchun yangi ishlab chiqarishlarning hisobidan to’rt baravardan ko’proqqa o’sdi.

“Shu qayd etish muhimki, mahalliy xom ashyo asosidagi qayta ishlash sanoati mamlakat sanoat ishlab chiqarishi umumiy hajmining 62 foizdan ziyodini ta'minlamoqda. Mashinasozlik, to’qimachilik va oziq-ovqat sanoati bilan birga izchil iqtisodiy o’sishning ta'minlanishida, shuningdek, yuqori malakali yosh kadrlar uchun yangi ish o’rinlarini yaratishda bu jabha muhim o’rin tutadi”, deya qayd etiladi maqolada.

Shuningdek, muallif yuqori texnologiyaga asoslangan iqtisodiyot maqomiga erishish yo’lidagi ijobiy natijalar O’zbekistonga o’z mineral resurslarini qayta ishlash sohasiga to’g’ridan-to’g’ri xorij sarmoyasini jalb etish bo’yicha faol siyosatni amalga oshirish imkonini berishini, yaqinda shu maqsadda neft, neft-kimyo va kimyo jabhalarida hamda rangli metallurgiya sohasida sanoat rivojlanishining dasturlari ma'qullanganini  ta'kidlaydi.

“Ular ishlab chiqarish sohasiga 34 milliard AQSh dollarini jalb etishni, 93 ta yangi qayta ishlovchi zavodlar barpo etish hamda yetakchi xalqaro kompaniyalarning ilg’or texnologiyalarini qo’llash yo’li bilan 38 ta amaldagi korxonani modernizatsiyalashni ko’zda tutadi”, deb yozadi muallif.

Maqola intihosida mazkur keng qamrovli dasturlarning muvaffaqiyat bilan hayotga tadbiq etilishi O’zbekistonning yuqori texnologiyaga asoslangan qayta ishlash sanoatiga ega bo’lgan  mamlakatga aylanishiga ko’maklashishi, bundan ko’zlangan asosiy maqsad esa o’zbek xalqi farovonligining barqaror  o’sishini ta'minlash bilan izohlanishi ta'kidlanadi.

  “Jahon” AA,

London