886ba88ad98dd8e17cc7853010157f81O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Qonun loyihalarini yoshlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida muhokama qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. 



Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi Vatanimiz istiqbolini, ertangi kunimizni belgilab beradigan siyosiy-iqtisodiy islohotlarimizning strategik dasturiga aylangani ta’kidlandi. 

Mazkur Konsepsiya davlat hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va joylardagi vakillik organlarining rolini oshirish, hukumat, ijro hokimiyati organlarining mustaqilligi va vakolatlarini kengaytirish, qabul qilingan qonunlarning bajarilishi, ta’sirchanligini yanada kuchaytirishga imkon yaratdi. 

Mamlakatimizda sud-huquq sohasini yanada isloh etish, mustahkamlash va erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarda parlament alohida o‘rin tutadi. 

Davlatimiz rahbarining shu yil yanvar oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida qonunlar loyihalari, ayniqsa, aholining hayotiy muhim manfaatlarini ko‘zlovchi, ijtimoiy huquqlariga bevosita daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlari muhokamasi jarayoniga siyosiy partiyalarning fraksiyalari hamda deputatlar bilan birga, keng jamoatchilik, fuqarolik instituti vakillarini, yoshlarni ham jalb etish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. 

Davra suhbatida ta’kidlanganidek, qabul qilinayotgan qonunlar sifati va samaradorligini yanada oshirish, qonun ijodkorligini me’yoriy-huquqiy hujjatlar tayyorlash va qabul qilishning ochiq-oshkoralik tamoyillariga muvofiq takomillashtirish, aholi turli qatlamlarining huquq va erkinliklari, manfaatlarini har tomonlama hisobga olish, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini ushbu jarayonga faol jalb etishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. 

Mamlakatimizda me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash jarayonida jamoatchilik fikrini o‘rganish, bu sohada olib borilayotgan ishlarga nodavlat notijorat tashkilotlarini keng jalb etish bo‘yicha tajriba to‘plandi. 

Qonun loyihalarining keng muhokamalardan o‘tkazilayotgani, ularning davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati institutlarining turli bo‘g‘inlarida muhokama qilinayotgani, xorijiy amaliyot bilan qiyosiy tahlil etilayotgani parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatini tubdan yaxshilashga xizmat qilmoqda. 

Davra suhbatida qonun loyihalari muhokamalari jarayonida jamoatchilikni, ayniqsa, yoshlar, fuqarolik jamiyati institutlarining keng ishtirokini ta’minlash yuzasidan amaliy tavsiyalar bildirildi, fikr almashildi.