water

Global iqlim o'zgarishi bugun butun dunyo mamlakatlarida qurg'oqchilik, atmosferaning ifloslanishi kabi dolzarb ekologik muammolarni yanada keskinlashtirmoqda. Sayyoramizda o'rtacha harorat me'yorining yil sayin ko'tarilib borayotgani nafaqat suv tanqisligini, shu bilan birga Arktikadan tortib, hatto Markaziy Osiyodagi muzliklarning ham keskin kamayib ketishiga sabab bo'lmoqda. Bular bari bir-biriga bog'liq qator muammolarni keltirib chiqarayotir.

Ma'lumki, mintaqamiz okeanlardan uzoqda, qurg'oqchil hududda joylashgan. Mutaxassislar fikricha, bu iqlim inqirozi bilan bog'liq muammo va ekologik ofatlarga ta'sirchanlikni yuzaga keltiradi. Ma'lumotlarga ko'ra, agar hozirgi isish tezligi saqlanib qolsa va asr oxiriga kelib dunyo bo'yicha o'rtacha harorat 4 darajaga ko'tarilsa, Markaziy Osiyoda bu ko'rsatkich 7 darajaga ortadi.

Bunday holatning davom etishi mintaqadagi muzliklar erishini, tabiiy ofatlar tez-tez takrorlanishini, qurg'oqchilik va suv taqchilligini yanada kuchaytirishi, o'simlik hamda hayvonot dunyosiga tiklab bo'lmas zarar yetkazish ehtimolini oshiradi. Cho'llanish va yerlar degradatsiyasi jarayonining tezlashishi esa har qanday kishini o'ylantirib qo'yadi.

BMT ma'lumotlariga ko'ra, hozirda mintaqamizda qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarning qariyb 37 foizi degradatsiyaga uchragan. So'nggi 50 yil ichida mintaqa mamlakatlarida cho'llangan yerlar hajmi 20 foizga oshgan. Ba'zi hududlarda qishloq xo'jaligi yerlari 40 foiz, ayrim joylarda 100 foizgacha degradatsiyaga uchraganini ko'rish mumkin.

Bu muammolar mintaqa aholisining oziq-ovqat xavfsizligiga ham jiddiy tahdid solish ehtimoli katta. Qolaversa, muzliklar uzoq muddat saqlanib turadigan chuchuk suv manbai hisoblanadi. Markaziy Osiyodagi eng yirik Sirdaryo va Amudaryo Orol dengiziga borib quyilishi ko'p jihatdan mavsumiy qor va muzliklar erishiga ham bog'liq. Prognozlarga ko'ra, 2050 yilga kelib Sirdaryoda suv hajmi 5 foiz, Amudaryoda esa 15 foizgacha kamayishi mumkin. Bu ham aholi turmush tarzi va ular yashaydigan hududning iqtisodiy rivojlanishida muhim o'rin tutadi.

Hozirgi noqulay ekologik sharoit tabiiy ofatlarni yuzaga keltirmoqda va bu mintaqadagi davlatlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga jiddiy xavf tug'diradi.

Poytaxtimizdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy Osiyodagi suv masalalariga nigoh” mavzusida o'tkazilgan xalqaro konferensiyada ham ayni jihatlarga alohida e'tibor qaratildi, suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, iqlim o'zgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish, ushbu muammolarni hal etishda innovatsion bilim va tajribalarni joriy etish masalalari muhokama etildi.

Yashil maydonlarni kengaytirish

Xalqaro ekspertlar fikriga ko'ra, mavjud holat bundan 30–40 yil keyingi davr uchun bashorat qilinayotgan prognozlar juda salbiy. Demak, mintaqamizni yaqin kelajakda suv tanqisligi bilan bog'liq jiddiy muammo kutyapti. Modomiki shunday ekan, taxmin qilinayotgan muammoning oldini olish yoki salbiy ta'sirini yumshatish mumkinmi? Soha mutaxassislari fikriga ko'ra, mumkin, albatta. Faqat, hozir imkon borida, bugundan kirishish shart. Aks holda kech bo'ladi.

Kasallikni davolashdan ko'ra, uning oldini olish ko'plab muammoning oldini oladi, degan ta'rifni ko'p eshitganmiz. Masalaga shu nuqtai nazardan qaralganda anglashiladiki, muzliklar erib bitishi va uning ortidan kuchayadigan suv tanqisligining oldini olish yoki salbiy ta'sirini kamaytirish uchun, birinchi navbatda, ekologik barqarorlikka erishish talab etiladi.

Bir paytlar cho'llarni o'zlashtirish asnosida Sirdaryo va Amudaryodan rejasiz olingan suv hisobiga Orol dengiziga borib quyilayotgan suv miqdori keskin kamayib hozirgi manzarasi yuzaga kelgan. Endi esa muzliklar erishi, chang bo'ronlari davriyligi va ularning ortib borishi, yerlarning degradatsiyaga uchrashi, suv resurslarining taqchilligi kabi salbiy ko'rinishlarda namoyon bo'layotgan Orol dengizi falokati mintaqamizda iqlim o'zgarishini ikki barobarga tezlashtirdi. Bir-biriga chambarchas bog'liq tabiatdagi bu kabi o'zgarishlar, o'z navbatida, yana ko'plab boshqa muammolar yuzaga kelishiga zamin yaratdi.

Shu bois ham mamlakatimizda so'nggi yillarda Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, yashil hududlarni kengaytirishga jiddiy va alohida e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, Orol dengizining qurigan qismida birgina o'tgan yilda 107 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho'l o'simliklaridan “yashil qoplamalar” barpo etildi. Bunday maydonlar jami 1 million 620 ming gektarga yetkazilgan. Joriy yilda ham bu boradagi ishlar davom ettirilib, yana 100 ming gektar maydonni “o'rmonzorlashtirish” rejalashtirilgan.

Yashil maydonlarni kengaytirish ishlari nafaqat Orol hududi, balki yurtimizning barcha shahar va qishloqlarida uyushqoqlik bilan olib borilyapti. Bunday hududlarni ko'paytirishda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yili e'lon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi muhim ahamiyatga ega bo'lmoqda. Binobarin, loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta ko'chatini ekish, pirovardida yurtimizdagi yashil maydonlar hajmini 8 foizdan 30 foizga oshirish maqsad qilingan.

Umummilliy loyiha doirasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, o'tgan qisqa vaqt davomida Qoraqalpog'iston Respublikasi va viloyatlarda 1 million gektardan ortiq maydonda daraxtzor va “yashil jamoat parklari” tashkil etildi.

Bu yo'nalishda rejalashtirilgan va amalga oshirilayotgan ishlar nafaqat bugungimiz, balki kelajak uchun ham juda zarur va shart bo'lgan zarurat albatta. Zero, yashil maydonlar kengayib borishi atmosfera havosini yaxshilashga, iqlim o'zgarishining salbiy oqibatlarini yumshatishga xizmat qiladi. Shu o'rinda ta'kidlash joizki, yashillik borasidagi sa'y-harakatlar mavjud muammo oqibatlarini yengillashtirishga imkon yaratadi, lekin, muammoga to'liq yechim bo'la olmaydi. Aytaylik, suv tanqisligi masalasi. Yashil maydonlarni kengaytirish hisobiga global isish jarayonini to'xtatish yoki sekinlashtirish, natijada muzliklar va daryolarda muvozanatni saqlab qolish mumkindir, ammo chuchuk suvga bo'lgan talabning yildan-yilga ortib borishi evaziga ob-hayot taqchilligi ko'lami ortib boryapti.

– Dunyoda suv tanqisligining ortib borishi, bir tomondan, tabiiy jarayon, – deydi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi Komiljon Qo'ziev. – Chunki sayyoramizda aholi soni ko'p demak shunga mos ravishda ehtiyoj ham muttasil bo'lib boryapti. Boshqa tomondan esa, global iqlim o'zgarishlari natijasida chuchuk suv zaxiralari hajmi qisqarmoqda. Yer yuzida qariyb 1,1 milliard kishi u yoki bu darajada suv tanqisligidan aziyat chekayotir. Bu holatda muammoga yagona yo'l – tejamkorlik hisoblanadi.

Suvni tejash haqida gap ketganida, ko'pchiligimiz odatda tomchilatib, yomg'irlatib, diskret usulda sug'orish kabi suv tejovchi texnologiyalarni tushunamiz. Aslini olganda ham bu sug'orish usullari katta miqdorda suvni tejashga imkon yaratishi bilan ahamiyatlidir. Ayni shu bois ham mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalardan foydalanishni ommalashtirishga alohida e'tibor qaratilyapti. Agror sektor vakillariga bu borada qator imtiyozlar berilishi yo'lga qo'yilgani esa uning tobora ommalashib borishiga xizmat qilmoqda.

Bir metr kub suvdan kim qancha daromad olyapti?

Mutaxassislar fikriga ko'ra, dunyo miqyosida yaratilayotgan yangi ish o'rinlarining 75 foizi suv resurslari mavjudligi omili bilan bog'liq. Ushbu bog'liqlik ta'sirini kamaytirish uchun tarmoq tarkibiy o'zgarishlarni amalga oshirish kerak bo'ladi. Bu zarurat ko'pgina mamlakatlar iqtisodiyotida suv talab qiluvchi tarmoqlar ustuvorligi saqlanib qolayotganligi bilan ham izohlanadi.

BMTning “Suv resurslari va ish o'rinlari” hisobotida suv tanqisligi va sanitariya xizmatlaridan foydalanish muammolari dunyo mamlakatlarining iqtisodiy o'sish va ish o'rinlarini yaratishga to'sqinlik qilishi mumkinligi qayd etilgan.

Dunyoda mavjud barcha chuchuk suvlarning taxminan 70 foizi qishloq xo'jaligida sug'orish uchun ishlatiladi.

– Bu ko'rsatkich mamlakatlarning tarmoq tarkibida qishloq xo'jaligi va sanoatning ulushiga qarab farq qiladi, – deydi Komiljon Qo'ziev. – Lekin, hatto eng rivojlangan mamlakatlarda ham qishloq xo'jaligining umumiy suv iste'molidagi ulushi 30 foizdan pastga tushmaydi.

Suv resurslarining tarmoq taqsimotiga ko'ra, Pokiston, Eron, Indoneziya, Hindiston va O'zbekiston kabi mamlakatlarda jami suvning 90 foizdan ortig'i qishloq xo'jaligiga sarflanadi. Yuqori daromadli mamlakatlar, masalan, AQShda suvning ishlatilgan ulushi sanoatda ko'proq –46 foiz. Yaponiyada esa uy-joy kommunal xizmatlarida suvning ishlatilishi 20 foizni tashkil qiladi.

2010-2020 yillarda dunyo mamlakatlari tarmoqlarida suvdan foydalanishning tarkibiy tahlili (foiz hisobida)

Mamlakat/mamlakatlar guruhi Qishloq xo'jaligi, YAIMdagi ulushi Umumiy suv olishda qishloq xo'jaligi ulushi Sanoat, YAIM ulushi Umumiy suv olishda sanoat ulushi
Yuqori daromadli davlatlar 1,6 42,7 26 37,5
O'rta daromadli davlatlar 10,4 74,9 36,2 4,8
Past daromadli davlatlar 29,8 85,8 23,3 13,7
Dunyo 3,2 67,3 27,6 20,3
AQSH 1,2 40,7 21,9 45,7
Evpora ittifoqi     1,9 23,9 26,3 56,4
Braziliya 6,1 57,5 27,8 17,7
Xitoy 12,2 64,6 46,5 23,2
Hindiston 31,9 91,1 27,2 1,8

Dunyoda suvdan tejamkorlik bilan foydalanish – ishlatilgan har bir kub metr suvdan qancha mablag' ishlab topilgani bilan baholanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, ushbu mamlakatlar iqtisodiyotida suvga talab yuqori bo'lgan sohalar ulushi kichikligi sababli ishlatilgan suvning mahsuldorligi ko'rsatkichi daromadi o'rta va past davlatlardagiga nisbatan ancha yuqori.

Masalan, Yaponiya iqtisodiyotida o'rtacha har bir kub metr ishlatilgan suv YAIMga 53,5 dollar olib keladi. AQShda esa bu ko'rsatkich 23,5 dollarni tashkil etadi. Boshqa mamlakatlarda ushbu ko'rsatkich juda past, masalan, 1 metr kub suv Pokiston uchun 0,6 dollar, Meksika uchun esa 8,2 dollar daromad keltiradi.

Komiljon Qo'zievning qo'shimcha qilishicha, rivojlangan mamlakatlarning yuqori texnologiyali ishlab chiqarish hamda xizmat ko'rsatish sohalariga ixtisoslashuvi mana shunday sezilarli farqni yuzaga keltiradi. Aksincha, qishloq xo'jaligining ko'p suv talab qiladigan tarmoqlariga ixtisoslashgan davlatlarda suv mahsuldorligi va shunga mos ravishda undan keladigan daromad ko'rsatkichi ham past bo'ladi. Bunday holat o'z navbatida, ushbu mamlakatlarda suv tanqisligini keltirib chiqaradi.

Masalan, 1985 yilda Xitoyda aholi jon boshiga yiliga o'rtacha 20 kilogramm go'sht iste'mol qilingan bo'lsa, 2011 yilda bu ko'rsatkich 53,5 kilogrammga yetdi. BMT ekspertlari hisob-kitoblariga ko'ra, 1 tonna ozuqa don ishlab chiqarish uchun o'rtacha ming metr kub suv talab qilinishidan kelib chiqib, ovqatlanish odatining o'zgarishi 1,4 milliard aholisi bor Xitoyda faqat go'sht ishlab chiqarish uchun suvga bo'lgan talab yiliga 390 kilometr kubga oshadi. Bu tahlillar suvga talab yuqori bo'lgan sohalarni iloji boricha kamlari bilan almashtirish kerakligini ko'rsatadi.

Markaziy Osiyoda shakllanadigan suv resurslarining 70 foizi transchegaraviy daryolar hissasiga to'g'ri keladi. Sirdaryo havzasining ko'p yillik o'rtacha oqimi 36 kilometr kubni, Amudaryoda esa 78 kilometr kubni tashkil etadi. O'zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida yiliga o'rtacha hisobda 52–56 kilometr kub suv ishlatiladi. Shundan yillik o'rtacha 22 kilometr kub Sirdaryo havzasiga, qolgan qismi Amudaryo havzasiga to'g'ri keladi. Shuningdek, Sirdaryo havzasida 6,3 kilometr kub, Amudaryoda 5,1 kilometr kub suv resurslari O'zbekiston hududida shakllanadi, qolgan katta qismi transchegaraviy daryolardan olinadi.

Global Village Space ekspertlari bahosiga ko'ra, iqlim o'zgarishi va qo'shni mamlakatlarda suv iste'molining ortishi O'zbekistonning Amudaryo va Sirdaryo kabi daryolaridan suv olish imkoniyatini cheklaydi. Buning natijasida qurg'oqchilik va cho'llanish jarayoni yanada kuchayishi, bu esa o'z navbatida, aholi turmush darajasiga jiddiy ta'sir qilishi mumkin.

2020 yilda iqtisodiyot tarmoqlari kesimida suv resurslaridan foydalanishning taqqoslama tahlili

Davlat Er usti va osti manbalaridan suv olish, yiliga km3 Aholi jon boshiga suv olish, yiliga m3 Uy-joy kommunal xo'jaligi Sanoat Qishloq xo'jaligi
Kishi boshiga yiliga m3 % Kishi boshiga yiliga m3 % Kishi boshiga yiliga m3 %
Xitoy 578,9 425 52 12 99 23 266 63
AQSH 482,2 1518 193 13 699 46 626 41
Germaniya 38 463 57 12 314 68 92 20
O'zbekiston 54,3 1899 100 5 43 2 1756 89

 

QiSHloq xo'jaligida suv sarfini qanday qisqartirish mumkin?

Yuqorida qayd etib o'tilgan ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarida ishlatilayotgan suv resurslarining eng katta qismi (89,7 foiz) qishloq xo'jaligi, 5 foizi kommunal xo'jalik, 2 foizi sanoat tarmoqlari, qolgan qismi boshqa tarmoqlar hissasiga to'g'ri keladi. Bu ko'rsatkich AQSh, Germaniya va Xitoy kabi davlatlarnikidan ancha farq qiladi.

Mamlakatimizda sug'oriladigan maydonlarning katta qismi (70 foiz)ni suv ko'p talab qiluvchi ekinlar – paxta va g'alla tashkil qiladi. Shu sababli, suv tanqisligi yuzaga keladigan vaziyatda iqtisodiy yo'qotishlar xavfi ancha yuqori.

Hisob-kitoblarga ko'ra, 1 tonna soya ishlab chiqarish uchun Hindistonda 4 ming 124 metr kub, Indoneziyada 2 ming 30 metr kub, Braziliyada 1 ming 76 metr kub suv zarur bo'ladi. Dunyo bo'yicha esa o'rtacha ko'rsatkich 1 ming 789 metr kubni tashkil etadi.

Go'sht ishlab chiqarishni oladigan bo'lsak, Gollandiyada bir tonna mol go'shti uchun 11,6 ming metr kub, Rossiyada 21 ming metr kub va Meksikada 37,7 ming metr kub suv sarflanadi. Yoki Avstraliyada 1 tonna guruch ishlab chiqarish uchun 1 ming 22 metr kub suv sarflansa, Braziliyada bu ko'rsatkich 3 ming 82 metr kubni tashkil etadi.

Suvni ko'p va kam talab qiluvchi mahsulotlar yetishtirish uchun sarflanadigan suvning taqqoslama tahlili

Kam suv talab qiluvchi mahsulot turi

Suv sarfi

(o'rtacha 1 tonnaga)

Ko'p suv talab qiluvchi mahsulot turi

Suv sarfi (o'rtacha 1 tonnaga)

Kovul (kapers) 500 м3 Гуруч 3082 м3

Cho'l jo'xorisi

(em-hashak uchun)

700 м3 Буғдой 2375 м3
Soyali sparja 1000 м3 Соя 3082 м3
Qo'y va echki go'shti 1500 м3 Мол гўшти 15497 м3

Mana shulardan kelib chiqib, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog'iston Respublikasida bunday ko'p suv talab qiluvchi ekinlarni joylashtirib bo'lmaydi. Bu hududlarda bosqichma-bosqich kam suv talab qiladigan ekinlar maydonini kengaytirish maqsadga muvofiq. Masalan, kovul, tipchoq, qo'ng'irbosh, cho'l jo'xorisi, cho'l-dasht solyankasi, soyali sparja kabi ekinlar 10 barobar kam suv talab qiladi. Shuningdek, mosh, loviya, no'xat va qizil loviya (fasol) kabi qurg'oqchilikka chidamli dukkakli don ekinlari ham ushbu hududlar sharoitiga mos keladi.

Ekspertlarning fikricha, oxirgi 15 yilda Markaziy Osiyo, shu jumladan, O'zbekiston iqlimida keskin o'zgarishlar kuzatilmoqda. Mintaqaga avvallari yil davomida o'rtacha hisobda 80 kun sovuq havo oqimi kirib kelgan bo'lsa, hozir ushbu ko'rsatkich ikki barobarga kamayib, sovuq va nam havo oqimi o'rtacha 35–40 kunni tashkil etmoqda. Natijada havo va tuproqning ham quruqlashishi kuchayib ketdi. Boshqacha aytganda, global iqlim o'zgarishlari mintaqamizga jiddiy ta'sir qilyapti.

Shu sababli qishloq xo'jaligi ekinlarining iqlim o'zgarishi ta'siriga bardoshlilik darajasini e'tiborga olish zarur. Jumladan, cho'l hududlarimizda qurg'ochilikka chidamli va bozorbop kovul (kapers) yetishtirib, eksportini keskin oshirish imkoniyati mavjud. Bojxona qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, ushbu mahsulotning eksport hajmi so'nggi yillarda 2,3 ming tonnadan (3,8 million dollar) 3,3 ming tonnaga (5,3 million dollar) ortgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.

Albatta, mavzuga oid mavjud muammolar faqat tahlil qilinibgina qolmayapti. Mamlakatimizda iqlim o'zgarishlari bilan muammolar oldini olish, ularning salbiy oqibatlari ta'sirini yumshatish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, ekologiya barqarorligiga erishish, suv resurslaridan maqsadli va samarali foydalanish borasidagi sa'y-harakatlar nafaqat bugungi kunimiz, shu bilan birga yurtimiz ravnaqi, kelajak avlod istiqboli uchun ham birinchi galdagi ahamiyatga ega.